PDA

View Full Version : Ikki Hikoya


Uyyonli
03-16-2006, 05:29 PM
O'yin boshlanishiga hali yana ikki soat vaqt bor. Men hanuz hayajonimni bosolmasdim. Sheriklarim tajribali o'yinchilar. Bunday vaziyatlarga tushaverib, hayajonni ham unutishgan. Yechinish xonasida o'tirarkanmiz, hamma bir-biriga hazil qiladi, xonani boshiga ko'tarib kuladi. Faqat men bir chetda jim o'tiraman. Ko'zimni chirt yumdimda bilgan barcha suralarni yoddan o'qiy boshladim. Oldin, "Fotiha" surasini, keyin, "Ixlos" surasi... oradan bir muddat o'tgach, yod olgan suralarim tamom bo'lib qoldi. Vujudim qalbimni zabt etgan hayajon asiriga aylandi. Oldingi holat yana boshidan boshlandi. Latifa aytayotgan, kulayotganlarni kuzatib, alahsishga urinaman. Qiziqroq latifadan lablarimga tabassum yuguradi, keyin bir muddatga yengil tin olib, bo'shashaman.



Bosh murabbiy kirib kelganida hazil-huzullar tinib, barchamiz jim bo'lib qoldik. Murabbiy kayfiyatimiz yaxshiligidan xursand bo'lib ketdi.



-Men juda xursandman,-dedi u bizlarga qarab.-Qachonki, jamoada mana shunday kayfiyat hukmron ekan yaxshi natijaga umid qilsa bo'ladi.

-Baribir yutqazamiz,-yonimda o'tirgan markaziy himoyachimiz va jamoamiz sardori menga pichirladi. Yuragim shuv etdi. "Nahotki yutqizsak",-alamli o'y o'tdi xayolimdan.

Men mag'lubiyatni umuman xohlamasdim. Birinchidan, bu milliy terma jamoalar o'rtasidagi o'yin bo'lsa, ikkinchidan, men ilk bor yurt sha'nini himoya qilish uchun maydonga tushmoqda edim.



Sardorning ikki narsadan xavotirlanayotganini bilardim: biri, mehmonda o'ynashimiz, ikkinchisi, raqiblarimiz-qit'aning eng kuchli jamoalaridan biri Yaponiya termasi edi. Shunday bo'lsada, men g'alaba qozonishni juda-juda istardim.



Murabbiy eng so'nggi ko'rsatmalarni bera boshladi. Oxirida:

-Yigitlar, bir narsani esingizdan chiqarmasligingizni xohlardim. Bunday o'yinlar boshqa o'yinlardan farq qiladi. Bizlar vatan uchun o'ynaymiz, bizga qarab yurtimiz haqida fikr bildiriladi. Men sizlardan faqat g'alaba qozonishni talab qilayotganim yo'q. Faqat, ulardan kam emasligingizni isbotlab qo'yishingizni istardim. Sizlar ulardan hech ham kam emassizlar,-dedi.



Murabbiyning bu gapi meni juda ham ruhlantirib yubordi. Hayajondan asar ham qolmadi.

Barchamiz o'rnimizdan turib, o'yindan oldingi chigalyozdi mashqlarini boshlash uchun maydonga chiqa boshladik.



Qit'adagi eng yirik o'yingohlardan biri-"Oita". O'yingoh to'lib-toshib, qozondek qaynaydi. Bunaqasini endi ko'rib turardim. Bizda faqat "Paxtakor" yoki "Navbahor"da ko'p odam yig'ilishi mumkin, lekin, bunchalik emas...



Yaponiya termasi a'zolari mashqlarni boshlab yuborishgan ekan. O'yingoh bir zum bo'lsin tin olmay suyuklilarini qo'llab-quvvatlaydi. O'yingoh uzra Yaponiya bayroqlari hilpiraydi. Bizga qarama-qarshi sektorda O'zbekiston bayrog'i ko'rindi. Yuragim hapqirib ketib, ko'zlarimga yosh kelganini sezmay qolibman. Vatandan olisda sen bilan yurt sha'nini himoya qilishsa, yelkadosh bo'lishsa qanday yaxshi! Men minglab oq bayroqlar orasida mana-men deya ko'zimni olgan ko'k, oq va yashil rangli bayroq hurmati ham to'p surishim kerak edi. Bugun o'zligimdan ancha baland sakrashim kerak. Busiz mumkin emas.



Mashqlarni tamomlab, yechinish xonasiga qaytdik. O'zimizga tartib bergach, maydonga saf tortib kirdik. Markaziy sektorlar qarshisida ikki jamoa va hakamlar saf tortdi.



O'yingoh uzra O'zbekiston madhiyasi yangray boshladi. Bo'g'zimga bir narsa tiqilib qolgandek, nafas olishim og'irlashgandek edi. Men o'zimni boshqarolmas, qandaydir savqi-tabiiy kuch boshqarardi. Yuzimda yosh tomchilari yugurardi.



Vatan-deganda ko'z oldimdan bechora onam o'tardi...O'yinni to'g'ridan-to'g'ri olib berishlarini bilganim uchun qarshimda o'tayotgan kameradan onam xuddi shu lahzalarda ekranda meni ko'rib, ne ahvolga tushganini tasavvur qilmoqda edim.

Uyyonli
03-16-2006, 05:41 PM
II.

O'yin boshlanishiga bir soat qolganda qo'lim ortiq ishga bormay qoldi. Hovlidagi barcha ishlarni shundoq qoldirib, televizorni yoqdim. Shu o'yinni ko'rish uchun Jamshidim yangi televizorni ko'tarib kelibdi, bola tushmagur. "Yangisida ko'ring",-deydi. Shu bolamni ilgarilari Xudo xohlasa, televizorda chiqadi desam, odamlar ustimdan rosa kulardi. Xudoga shukr, shu kunlarga ham yetib keldim.

Bechora bu kunlarni ko'raman deb ne azoblarni boshidan o'tkazmadi. Qanday qiynalganlari hech esimdan chiqmaydi. Yo'lkiraga pul so'rashga uyalib, o'n kilometrga piyoda borib kelardi. Puldan qiynalishimni bilardida, o'g'lim. Bo'lsa-ku, jon deb berardim. Unga qarab juda rahmim kelardi. Ming qiynalgani bilan g'iring demagan. Oriyati kuchli, ha kuchli.
Bugun o'yin bo'lishini mahalladagilarning hammasi biladi. Ertalabdan beri odamlarning keti uzilmaydi, kelishib olgandek hamma bir narsani takrorlaydi: "Qo'shni, birga ko'ramiz!" Xudoyo, yuzini yorug' qilgin bolamning. Jamshidimning aytishicha, hammani ham bosh jamoaga olishavermas ekan. Bir gap bor ekan, olishibdi.

Soatga qarayman, iye, iye vaqt ham bo'lib qolibdiku! Darrov ekranga qarayman. Voy, mana, ko'rsatishyapti, odamlar to'la, nuqul o'rtasida katta qora xolli oq bayroqlar. O'zbekistonniki qani? Mana, mana! Voy, xudoyo, menga nima bo'lyapti, yig'layapman, shekilli. Televizorning ovozini ko'taraman: "Assalomu alaykum qadrli futbol muxlislari. Barchangizning e'tiboringizning Yaponiyaning eng ko'rkam o'yingohlaridan biri "Oita"ga qaratamiz. Bugun O'zbekis-ton terma jamoasi maydon egalari Yaponiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. O'yin boshlanishiga hali bir-ikki daqiqa vaqt bor. Fursatdan foydalanib..."

Iye, mana chiqib kelishyapti. Oq kiyimdagilar bo'lishsa kerak. Oq kiyimda o'ynaymiz degandi. Xudoyo, yigitlarimizning yuzlarini yorug' qilgin.
Tashqarida ovozlar eshitildi. Chiqsam qo'shnilarim turishibdi. "O'yin boshlandimi, opa?" "Voy. Nega turibizlar, kiringlar. Hozir boshlandi".

Qishloqda hamma o'g'limni gapiradi: "Halima opaning o'g'li Jamshid O'zbekiston terma jamoasida o'ynarmish".

-Ana, Jamshid!-qichqirib yubordi o'g'limning sinfdoshi. Hammamiz ekranga kirib ketguday termulishdik: Jamshidim! Yuzlaringdan onang o'rgilsin, bolam. Turishingni otang rahmatlik ko'rganida...Kecha tushimga kiribdi, rahmatlik. Bolasini u dunyodan turib ko'rib turganmikin? Iloyo, otangning arvohi qo'llasin, seni bolam.

III.

Tashlangan qur'aga ko'ra o'yinni biz boshlaydigan bo'ldik. Ichimda rosa sevindim. Omadning boshlanishi bo'lsa ajabmas. Mehmonda o'ynashimiz, buning ustiga raqibimizning kuchli ekanligidan murabbiy qarshi hujum uslubida o'ynashimizni uqtirdi. Asosiy yuk himoya va yarim himoyaning zimmasiga tushishi aniq. Jamoadagi yagona hujumchi men. Mening aniq harakatlarim jamoa o'yining mantiqiy yakuni ekanligini juda yaxshi anglardim. Shuning uchun bugun xato qilmaslikni Xudodan so'radim.

Maydon markaziga to'pni o'rnatib, ortimga bir nazar tashladim. Jamoadoshlarim barchasi tayyor turardi. Shu pallada, butun o'yingohning, Yaponiyaning hamda O'zbekistondagi ishqibozlarimizning nigohlari aynan menga qaratilganidan hiyla hayajon bosdi. Kutilmaganda yuragimni larzaga solib hakamning hushtagi yangradi. "Bismilloh...", deya o'ng oyog'im bilan to'pni o'yinga kiritdim. To'p orqaga himoyachilarga berildi. Taomil shu-o'yinni quyidan tartib bilan boshlash talab etiladi. Himoyachilarimiz to'pni olishlari bilanoq raqiblarimiz ularga tashlanishdi. Oldingi chiziqda o'ynashim sabab men to'p olishga qulay bo'lgan yerga chiqib olishni ko'zlay boshladim. Shunda jamoa sardorimiz meni "ochilganim"ni ko'rib to'pni menga oshirdi. Men tezlik bilan to'pni qabul qilib oldimda ta'qibchimni aldab o'tib oldinga o'tib oldim. Oldinda yana uch himoyachi turardi. Men ularni aldashga tavakkal qilmasdan jarima maydoniga kirib ham o'tirmay zarba berdim. Hayajon va jon-jahdim bilan berilgan zarba darvozabonni ancha ter to'kishga majbur qildi. U qiyinchilik bilan to'pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Biz burchak to'pi tepadigan bo'ldik. Biz darvoza tomon birinchi zarbani berganimiz jamoadoshlarimni juda ruhlantirib yubordi.

Kutilmaganda o'yinning bu tarzda boshlanishi mezbon muxlislarga yoqmadi. O'yingohda hushtakbozlik avj olib ketdi, hatto, apelsin, olmalarni otishdi.

Burchak to'pidan so'ng mezbonlar tashabbusni asta qo'llariga olishib, birin-ketin havfli hujumlar uyushtira boshladilar. Shundan keyin o'yin tizginini raqiblarimiz qo'llariga oldilar. Himoyada o'ynashga majburmiz endi. Butun jamoa himoyada, yaponiyaliklar ko'z ochirgani qo'ymaydi. Men murabbiy ko'rsatmasicha maydon markazidan ortga qaytmasligim kerak. Maydon markazida to'p yetkazib berishlarini kutishdan o'zga ilojim yo'q, himoyada o'ynayotgan jamoadoshlarimdan tez orada to'p olishimga ko'zim yetmasdi. Shundoq o'yinni kuzatishga esa asablarim dosh bermasdan, ortga qaytdim ham. Maydon chetidagi murabbiyimiz qichqirganicha darrov joyimga qaytishimni buyurdi. Ilojsiz, ortga qaytdim.
Ishqibozlarga tan bermasdan ilojim yo'q. Bir zum bo'lsin tin olmay suyuklilarini olqishlaydilar, qo'llab-quvvatlaydilar. Raqiblarimiz bundan ruhlanib, tobora shiddatni avj oldirardilar.

Birinchi bo'limning o'rtalariga kelib, o'yin asosan maydonning biz joylashgan tomonida kechmoqda edi. Lekin, men jamoadoshlarimning salohiyatlarini aslo yerga urmoqchi emasman. Mehmonda kuchli raqibga qarshi o'ynashning o'zi bo'ladimi! Garchi himoyada o'ynayotgan bo'lsakda raqiblarning har bir harakati qat'iy nazoratimiz ostida edi.
Birinchi bo'limni bir amallab yakunladik...

Uyyonli
03-16-2006, 05:43 PM
IV.

Bunaqada asablarim dosh beradimi? Yapon deganlari ham shunchalik rahmsiz bo'ladimi! Mehmon ham demaydi-ya! To'pni yumalatib darrov yetib keladi darvozaning tagiga. Iloyo, o'g'limning yuzini yorug' qilgin. Qo'shnilarimning ham ovozlari chiqmay qoldi. Hamma jim o'yinni tomosha qilyapti. Yon qo'shnim asabi chatoq, o'yin boshlanishiga hech qancha bo'lmay, "hozir kelaman", deb tashqariga chiqib ketgan. Bilaman, uning ham asablari dosh bermaydi. O'yin shu zaylda davom etsa... unda qiyin bo'ladi-ya! Xudoyo, madad qilgin...

V.

Ikkinchi bo'lim boshlandi. Raqiblarimizning hali ham shashtlari baland. Bo'lim boshlanishi bilan darrov hujumga berilishdi. Yana hujum va yana bizning himoya... "Olloh, omadimizni bergin...",-negadir shu jumla butun borlig'imni olgan va shundan madad olmoqda edi go'yo. Men hamon umid qilardim. Maydon markazida raqiblarimizning hujumlarini va jamoadoshlarimning jon-jahdlari bilan himoyalanayotganlarini ko'rib, o'zimni ojiz sezganday bo'ldim. Bo'g'zimga nimadir tiqilganday bo'ldi. Qalbimning tublaridan: "Olloh, meni yorlaqa!",-degan nido otilib chiqdi. Negadir shu payt, ko'z oldimdan Toshkentga ketishimdan oldin ko'chaga qadar kuzatib chiqqan onamning chehrasi o'tdi. Shunda vujudimda qonim jo'shdi, menda kurashga tashnalik qaytadan uyg'ondi.

Maydon markazida men va meni ta'qib etib turgan himoyachidan boshqa hech kim yo'q edi. Himoyachi ham menga to'p yetib kelmasligini anglaganday gohida oldinga ketib, meni ta'qibsiz qoldirardi. Bu esa meni g'ashlantirardi.

Raqiblarimiz navbatdagi burchak to'pini amalga oshirdilar. Darvozabonimiz to'pni ilib oldida tezlik bilan maydon markaziga tepdi. Uning har bir harakatini sergaklik bilan kuzatib turardim. Havodagi to'pga qarab uning qayerda to'xtashini chamaladimda shu tomonga o'qdek otildim. Oniy bir tuyg'u bu o'yinda men uchun yagona imkoniyat bo'lishini bildirib, yuragimni otashdek kuydirdi. Himoyachi ham ortimdan tashlandi. To'p uchun yugurarkanman, butun fikri-yodim to'pni egallash hamda himoyachidan o'tib ketish bo'lib qolgandi. Miyamda turli muqobil usullar charx urardi. Men soniyaning mingdan bir ulushida yakuniy to'xtamga kelishim hamda so'nggi qarorni qabul qilishim kerak edi. To'pni to'xtatganimda menda antiqa qaror tug'ilgandi. Tayanch oyog'im chap, o'ng oyog'im ostida esa to'p. Himoyachi yelkam ortida edi. U menga yaqinlashganida, podkat usulida oyoqlarim ostiga tashlanishini his etib, o'ng oyog'imning uchi bilan sidirma usulda to'pni o'zimdan bir metrlar nariga tashladim. Himoyachi buni kutmagan shekilli, menga qo'llamoqchi bo'lgan usulini yarmigacha bajarganida kech qolgandi. Men deyarli darvozabon bilan yuzma-yuz qolgandim. Faqat so'nggi zarbani berish uchun qirq-qirq besh metrlar masofani bosib o'tishim kerak edi. Buning ustiga, to'pni yo'qotgan raqiblar mening ustimga o'qdek otilgandilar. Men butun tezligimni ishga solib oldinga intildim. Shundoq ortimda raqib himoyachilari chopib kelardilar. Ularning birgina keskin harakati juda yuqori tezlikda ketayotganim uchun meni muvozanatdan chiqarishga kifoya qilardi. Bu esa to'pning yo'qotilishi edi. Men o'zimga zarar yetkazishlaridan qo'rqmasdim. Darvoza tomon chopib borarkanman tilim yakkash: "Olloh, Olloh!" kalomini takrorlardi. Men Holiqi Qudratning qo'llashini so'rardim. Mana, yana ikki metr masofani bosib o'tsam jarima maydonchasi, undan keyin bizga zabt etib bo'lmas tuyulgan raqib darvozasi... Shunda qalbimni mavh etib bo'lmaydigan hayajon egalladi. Men markazdan kirib borardim. Shundoq qarshimda darvozabon turardi. Bunday vaziyatlarda qanday harakat qilishni yarim kechada uyg'otib so'rasalar ham sharillatib aytib yoxud ko'rsatib bera olaman. Bir burchakka tepayotgandek harakat qilasizda, to'pni qarama-qarshi burchakka yo'naltirasiz. Darvozabon mushuk yoki maymun bo'lsa ham bunday to'plarni olish son bo'lmaydi. Men shunday qildim...

Uyyonli
03-16-2006, 05:44 PM
VI.

-Iye, Jamshid to'pni oldi!
O'g'limning sinfdoshi qichqirib yubordi. Rostdan ham Jamshidim to'p bilan. Bo'ylaringdan o'rgilay, bolam! Voy, xudoyim, anavi chopayotganlar ko'ylagidan ushlab olibdimi?! Tort qo'lingni, tort! Yiqilib, mayib bo'ladi-ya!
-Jamshid, oldinga, oldinga!-qichqirardi o'rto
qlari.
Bolam o'qdek uchib boradi. Men yuragimni changallab, ishqilib yiqilmasin, deyman. Ortidagi o'yinchilar ham birdek ortidan chopgan. Xudoyo, ishqilib yiqilmasinda!
-G-o-o-o-l!!!
Qiyqiriqlardan uyimning shifti tushib ketsa kerak, deb o'yladim. Qo'shnilarim uyni to'ldirib, qarsak chalishar, baqirishardi. Men ko'zlarimga ishonmasdim. Ro'molimning cheti bilan ko'zlarimdan oqib tushayotgan ko'z yoshlarimni kishi bilmas artib olardim. O'g'lim darvozaga to'p kiritibdi... Ayollar meni quchoqlab oldilar, erkaklar qutlay boshladilar. Bo'g'zimga nimadir tiqilib qolgan, tilim bir so'zga aylanmasdi.

Yigitlarmiz uni tog'ora bosdi qilishdi. Bechoralar, to'p urish oson bo'lmadi, axir.

VII.

"O'zingga beadad hamdu-sanolar bo'lsin! Hamdlar bo'lsin!", to'p kiritganimdan so'ng O'zbekiston bayroqlari g'olib hilpirayotgan sektorlar tomon choparkanman butun borlig'im bilan yaratganga hamdlar aytardim. Men to'p kiritgandim, men o'z so'zimni aytgandim! Bizni qo'llab-quvvatlayotganlar ham juda jonlanib qoldilar. Bayroqlar baland ko'tarilgan, muxlislarimizning ovozlari butun "Oita"da yangray boshlagandi. Ammo, mezbonlarimiz muxlislariga bu umuman maqbul emasdi. Shuning uchun, to'p kiritganimizdan so'ng o'yingohni tutib ketgan hushtakbozlikni to'g'ri tushunish mumkin edi.

Kiritilgan to'p jamoadoshlarimni ruhlantirgani aniq edi. Shuncha hujum qilishib, natija chiqara olmagan raqib yarim himoyachilarida asabiylashishni seza boshladim. O'yin endi maydon markaziga ko'chgandi. Himoyachilarimiz jarima maydonchamizni ancha tark etgan holda harakat qila boshlagandilar. O'yindagi burilishdan raqiblarimiz asabiylasha boshladilar. Biz ancha erkin o'ynay boshladik.

O'yin yakunlanishiga taxminan o'n daqiqalar qolganida yaponiyalik hujumchi darvozabonimizga ochiqdan ochiq qo'pollik qilganida hakam hech ham ikkilanmay qizil kartochkani ko'rsatib, maydonni tark etish kerakligini ko'rsatdi. Shundoq ham o'yini chiqmayotgan jamoa uchun bu katta yo'qotish edi. Biz endi bir kishi ko'p bo'lib o'ynardik. To'g'risi, men bundan juda ranjidim. Qani endi to'la tarkib bilan o'yinni yakunlab, g'alaba qozonsak.

Shundan so'ng, tashabbus asta biz tomon o'ta boshladi. Endi men to'pni markazda emas, raqib jarima maydonchasi yonida qabul qila boshladim. Navbatdagi to'pni olib, jarima maydonchasiga yorib kirganimda himoyachi meni chalib yiqitdi. Yotgan yerimda hakamga qaradim. Hakam o'n bir metrlik nuqtani ko'rsatib, yugurib kelardi. Demak, penalti!
Penaltini jamoa sardorimiz tepishi kerak edi. Bu oldindan belgilangan. Men jarima maydonchasini tark etayotganimda sardorimiz oldimga kelib, dedi:
-Sen tepasan, Jamshid.

Quloqlarimga ishonmadim. Unga savolomuz qaradim. U jiddiy qarab turardi. Yelkamga urib qo'ygach, nuqta tomon yurishga chog'landim. Shunda sardorimiz dedi:
-Darvozabonning ko'zlariga qarama. U nigohingni topolmay, asabiylashsin. Tushundingmi?
-Tushundim.
-To'pni kiritsang, o'yin bizniki, uqdingmi?
-Uqdim.
-Mayli, bor, omadingni bersin.
Darvozabon to'pni ushlab turardi. Men nuqtaga yaqinlashib, uning ko'zlariga qaramaslikka harakat qilardim. Qo'lidan to'pni olmasligim, men tomon dumalatishini kuta boshladim. Men nuqtada to'pni kutayotgan bo'lsam, darvozabon to'pni uning qo'llaridan olib ketishimni kutardi. Darvozabonning asablari dosh bermadi. Asabiy to'pni men tomon otdi. Ruhiy bosimni oshirish maqsadida havoda kelayotgan to'pni ohista o'zimga bo'ysundirdimda bir-ikki jonglyorlik qilib qo'ydim. Bu bilan men hali ham asablarim joyida ekanini bildirib qo'ymoqchi bo'lgandim. To'pni nuqtaga o'rnatarkanman mahalliy muxlislarning hushtaklari, norozi baqir-chaqirlari o'yingohni tutib ketdi.

Mendan uch metr narida to'p turardi. "Bismilloh...", deya asta yugurdim. Shu lahzalarda ko'z oldimda gavdalangan manzaralar o'la-o'lgunimcha xotiramdan o'chmasa kerak. Ketishim oldidan titroq qo'llarini duoga ochgan onam, "Oita"da hilpirayotgan kam sonli O'zbekiston bayroqlari, mahalladoshlarim, yoshligim o'tgan dalalar... Hatto, sholi o'tog'ida otam rahmatlikning ko'zlarini shamg'alat qilib, baqa tutishga uringanim va otamning: "Unaqa qilmang, bolam, joni og'riydi-ya buning", deganlari ko'z oldimdan kino tasmasiday o'ta boshladi. Nazarimda nafas olish qiyinlashib qolgandek edi.

Zarbani qanday amalga oshirganimni darvozabon ham sezmay qoldi. Ikkinchi to'pni darvozaga kiritgandik...

O'yin tugadi. Biz "Oita"da Yaponiyani dog'da qoldirgandik. Biz g'olib edik, maydonni boshimiz tik holda tark eta boshlagandik.

Eng qizig'i undan keyin bo'ldi. Mahalliy muxlislar o'rinlaridan turishib, bizni olqishlay boshladilar. Men qo'limni ko'ksimga qo'yib, minnatdorchilik bildirardim. Shunda bir kishi maydon chetiga kelib, futbolkamni yechib berishimni imo-ishora bilan so'radi. Rozi bo'lib, yechib berdim. Olqishlar yana avj oldi.

VIII.
Ko'z yoshlarimni tiya olmayman. Hamma meni qutlardi.

Uyyonli
03-16-2006, 05:46 PM
Hikayaning muallifi men emas. Hikoyini bu yerga yozishimga sabab forumimizda so'nggi kunlarda sovuqlik tushib ketayabti, va bu bizga g'ayrat va vatangga bo'lgan mehr, muhabbat ota-onaga bo'lgan muhabbat, va asosiysi O'zbek ekanligimizga G'urur kabilarni eslaishdir.

kingdom
03-16-2006, 06:07 PM
hikoya ajoyib qani edi haqiqattan shunday busa!:cool: aytganday u bola kegin uyqusidan turdimi yoki yuqmi?:lol: :lol: :lol: Hikayaning muallifi men emas. Hikoyini bu yerga yozishimga sabab forumimizda so'nggi kunlarda sovuqlik tushib ketayabti, va bu bizga g'ayrat va vatangga bo'lgan mehr, muhabbat ota-onaga bo'lgan muhabbat, va asosiysi O'zbek ekanligimizga G'urur kabilarni eslaishdir.

Uyyonli
03-16-2006, 06:39 PM
Buning Qizig'i yo'q chunki Hazyotning o'zi bir Tushdir. Shunday ekan uni tushi rost bo'lsin.:lol: