PDA

View Full Version : Ketmonchi qizlar yoxud El dardi


Asadbek
08-02-2006, 03:05 AM
Ketmonchi qizlar

O’ylasam, o’ylarim ko’ksimda kuygan,
So’ylasam, so’zlarim bo’g’zimda kuygan.
Barglarday so’lg’in-u, shamlarday ozg’in,
Qovjirab dala-yu tuzimda kuygan.

Oylar gulbog’idan tushgan yaproqlar,
Yulduzlar bag’ridan ko’chgan yaproqlar,
Nursiz paykallarda shu’la yozmayin,
Tuproqqa qorishib o’chgan yaproqlar.
Husnin chechaklarin chanoqlar yulgan,
Sochlarin gardida nasimlar o’lgan,
Sizning tarovat-u gul yuzingizni
Quyoshlar tushlikka tanovul qilgan.
O’ylasam, o’ylarim ko’ksimda kuygan,
So’ylasam, so’zlarim bo’g’zimda kuygan,
Barglarday so’lg’in-u shamlarday ozg’in,
Qovjirab dala-yu tuzimda kuygan.

Balog’at chog’ida balog’at ko’rmay,
O’n beshdan u yog’I halovat ko’rmay,
Za’faron rayhonday zabun o’tdingiz,
Davr-u davronlardan sadoqat ko’rmay.
Sabohdan sahroga aylanganlarim,
Sarg’aygan sarvlarim, gul, savsanlarim,
Sertashvish turmushning quchoqlaridan
Dalalar qo’yniga taylanganlarim.
O’ylasam o’ylarim ko’ksimda kuygan,
So’ylasam so’zlarim bo’g’zimda kuygan.
Barglarday so’lg’in-u shamlarday ozg’in,
Qovjirab dala-yu tuzimda kuygan.

Tun-kun ko’ksim ichra yong’in- u yong’in,
Yillardan so’raydir yillar so’rog’in.
Shomlarga shimilgan tuproq yo’llardan
Tollarim kelgaylar tolg’in va tolg’in.
Diydam diydiratgan diydorlaringiz.
So’ndi malohat-u dildorligingiz.
Tunlar paykallarda horg’in yuzgan oy
Sizning zor-u mahzun yodgorligingiz.
O’ylasam o’ylarim ko’ksimda kuygan,
So’ylasam so’zlarim bo’g’zimda kuygan.
Barglarday so’lg’in-u shamlarday ozg’in,
Qovjirab dala-yu tuzimda kuygan,
Sonsiz egatlarga tizilganlarim,
Qismati ketmon-la yozilganlarim.

Sirojiddin Sayyid, 1990-yil

Asadbek
08-02-2006, 03:27 AM
Hamdardlik...

Bu safar men so’z aytmayin baxtingdan,
O’zingniki bo’lgan toj-u taxtingdan,
Jindakkina bayon aylay dardingdan,
Kech kuzlarda zirqiragan belim-ay,
Belin ushlab elim degan elim-ay!

O’tdi ne-ne dohiylar-u haykallar,
Yurtda qancha oroyish-u sayqallar,
Senga ilhaq hamon o’sha paykallar,
Go’zalarda diydiragan qo’lim-ay,
Dalalarni ilitgan ay, elim-ay!

Kitobini o’ylab o’g’il-qizingni
Bozorlarga tikding horg’in ko’zingni,
Nima qilding shuncha qo’y-u qo’zingni?
Farzandiga beraman deb bilim-ay,
Molin sotgan, jonin sotgan elim-ay!

Paxta terib yoki bug’doy o’rganda,
O’z haqingni so’rashni ham o’rgan-da.
P’orim kiygan to’ralarni ko’rganda
Kalimaga kelmagan ay, tilim-ay,
Ham ishlab, ham mulzam bo’lgan elim-ay!

Senga doim yo’ldosh ezgu, hur niyat,
Kazzoblaring qasr qurdi purne’mat,
Shular uchun bo’lganmidi Hurriyat ?
O’choqlarda sovub qolgan kulim-ay,
Kulbalari mung’aygan ay, elim-ay!

O’zdan chiqqan balolarmi yo kimlar
Sening nasibangni qiyqimlar?
Yetimning ham haqin yulib, taqsimlab.
Chirqiragan tanga-tillo, pulim-ay,
Voy elim-ay, voy elim-ay, elim-ay!

Qishin-yozin tinmay mehnat aylagan,
Mehnatini na bir minnat aylagan,
Shul Vatanni sha’n-u shavkat aylagan,
Obod bo’lgil qurimay ham so’limay,
Osh-u noni doim halol elim-ay!

Olloh bersin so’nmas baxt, iqbolingni,
Uylar qilgil ekkan terak, tolingni.
Og’rigandi belim ko’rib holingni,
Endi esa zirqiradi dilim-ay,
Tuproqdan ham xoksorroq ay, elim-ay!


Sirojiddin Sayyid, 1998-yil


PS: Juda ta'sirli she'r ekan...

Nigorabegim
08-02-2006, 10:52 PM
Garchi she'r 1998-yilda yozilgan bo'lsa-da bugungi kunga hamohangdir