View Full Version : Yoriltosh, Yoriltosh!
Asadbek
10-27-2006, 03:39 AM
O'n uchinchi ballada
Elbek baxshi:
Yoriltosh, Yoriltosh!
Yolg'iz qoldi g'arib bosh.
Yoril, bag'ringga kiray -
Toshlikka bo'lay yo'ldosh.
Ko'zlar yig'lab ko'r bo'ldi,
Artmoqlikka qo'l qayda?
Faqat shayton zo'r bo'ldi,
Odam - maydayu mayda.
Yoriltosh, Yoriltosh!
Yig'lashga yetmaydi yosh.
Odam bo'lib yashashga
Zarra qolmadi bardosh.
Shamol bo'lsang, yo'lingni
Davon qilib to'sarlar...
Qush bo'lsang, cheksizlikni
Osmon bo'lib to'sarlar.
Havo bo'lsang, taningga
Zahar sochib qo'yarlar.
Navo bo'lsang, bo'g'zingni
Shartta yanchib qo'yarlar -
Hamma o'gay bir-biriga,
Hamma g'aribu sag'ir...
Yorilgin tosh! Yoril! Yoril! -
Toshga aylansin bag'ir!..
Tosh:
O'z g'amingni o'zing ortgin,
Nola qilma, inson, bas!
Zorlanmagin!
Ertak o'tdi -
Endi toshlar yorilmas...
Usmon Azimning "Balladalar" kitobidan...
Asadbek
11-02-2006, 03:02 AM
O'n to'rtinchi ballada
Shogird:
Yolg'on dunyo yo'lini yopding,
Ey, muallim - ulug' donishmand.
Mangu hayot sirini topding,
O'limni ham etding zanjirband.
Quyosh kabi yashashing mumkin
Abadiyat osmonlarida...
Nega aza ochmoqni aytding,
Bugun sodiq g'ulomlaringga?
Nega botir ruhingdan yechding
Tiriklikning sovutlarini?
Nega oppoq kafanlar bichding,
Tayyor qilding tobutlaringni?
Mangulikka teng umr olding,
Buyuk ruhning shiddati - xudo.
Bugun nega boshqa yo'l solding,
Bo'lmoqchisan hayotdan judo?
Donishmand:
Ma'rifatni angladim darg'a,
Tutdim ruhning pok qo'llarini -
Men ko'rsatdim noumidlarga
Mangulikning sha'n yo'llarini.
Ammo, bolam, abadiyatdan -
Jondan kechish fursati yetdi...
G'ofillarga ko'rsatmoqchiman
O'limning ham borligin endi.
Usmon Azimning "Balladalar" kitobidan...
Asadbek
11-02-2006, 03:07 AM
Yettinchi ballada
- Yuksakdan uchib kelding,
Patlaringdan oqar ter.
Ey, qush, osmonda ne bor -
Qanotingdan so'rab ber?
- Shovillaysan, ey, daraxt,
Ildizing yer bag'rida.
Ildizing aytsin, ne bor
Qaro yerning tagida?
:up: :up: :up:
Usmon Azimning "Balladalar" kitobidan...
Nigorabegim
11-17-2006, 02:10 AM
Yoril, yoril, yoril tosh,
Nahot tugadi bardosh?!
Ko'z yoshing shiddatidan,
Tosh ham berolmas bardosh...
Zarra to'kmagin ko'z yosh,
Egilmasin mag'rur bosh.
Bilgin bir kuni albat,
Senga ham kulgay quyosh
Asadbek
11-17-2006, 02:16 AM
Tosh ko'ngil...
Tosh ko'ngil,
Tosh bo'lgin! -
Tosh bo'ldim.
Tosh taqdir...
Bu - sendir,
Bu - mendir.
Tosh ko'ngil,
Sen ko'nding...
Men o'ldim.
Tosh taqdir.
Axir,
Qayda tosh?..
Ikki ko'ngil -
Ikki tomchi yosh.
Usmon Azimdan
Asadbek
11-17-2006, 02:31 AM
Ikkinchi ballada
Kenja botir:
Mening qo'lim bo'shmas,
Mening qo'lim band.
Yillar sezmadingiz - yig'ladim beun.
Ikkita qaroqush - ikkita kalxat
Ikkita ko'zimni cho'qidi kun-tun.
Yillar sezmadingiz - quladi osmon.
Ikkita qo'limni ko'tardimu dast
Uni tutib qoldim... Bechora inson
Yerda hasrat bilan yo'q bo'lmasa bas.
Mening qo'lim bo'shmas,
Mening qo'lim band.
Meni "og'am" degan botirlar qayda?
Ko'zimni cho'qiydi ikkita kalxat
Jonim og'rimoqda...
Kalxatni haydang!
Kaftlarim kuymoqda kavkab cho'g'idan,
Qo'llarim yelkamga bormoqda botib.
Kalxatlar egilar qorachig'imga,
Dunyoni qonimga tashlashar qotib.
Men sizga hech qachon zorlanganmidim?
Jonimdan to'ydirdi
Kalxatlar rosa...
Qarang, shom shafag'i - qip-qizil - betim,
Ko'zlarim qon to'la ikkita kosa.
Botir akalarim, qiling hamiyat,
Qo'l siltang!
Qochishar - kalxatlar qo'rqoq.
Axir, quzg'unlarga yem bo'lsam - uyat,
Qo'limda osmonni ko'targanim chog'.
O'rtancha botir:
Aqlli bolasan, boqsam tarzingga...
Yana bir oz chida,
Qolmaysan o'lib...
Axir men turibman mumtoz ta'zimda,
Qara, ko'ksimda-ku ikkita qo'lim.
To'ng'ich botir:
Ukam, kechir meni!
O'zi holim tang...
Qo'lim band -
Hammani it kabi tishlab,
Bir asov uloqda qatnashayapman,
Qandaydir taxtchaning oyog'in ushlab.
Kenja botir:
Akalar, osmonni tutib turibman,
Qonimni ichmoqda kalxatlar - tashna...
O'rtancha botir:
Sensiz ham qancha g'am yutib turibman...
To'ng'ich botir:
Kalxatlarni hayda -
Osmonni tashla!
Kenja botir:
Mening tashvishi ko'p bechoralarim,
Axir, yashayapman sizga baxt tilab.
Axir, men osmonni qanday tashlayin,
Osmon boshingizga tushar-ku qulab...
Usmon Azim, "Balladalar" kitobidan
vBulletin® v3.7.0, Copyright ©2000-2008, Jelsoft Enterprises Ltd.