PDA

View Full Version : Abdulla Avloniy, Turkiy Guliston Yoxud Ahloq


Iqbol
11-02-2006, 06:15 AM
TURKIY GULISTON YOXUD AHLOQ
ABDULLA AVLONIY
Men bu asari nochizonamni birinchi maktablarimizning yuqori sinflarida ta’lim bermak ila barobar ulug’ adabiyot muhiblai, ahloq havaskorlarining anzori oliylarina taqdim qildim
Har kun o’luram shomg’acha men g’amga giriftor,
Har shab yonaam, otasha parvona kabi zor.
Hech kimsa emas, bu meni ahvolima voqif,
Men hastayamu millatim o’lmish nega bemor?!

Iqbol
11-02-2006, 06:16 AM
BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYM
AHLOQ
Insonlarning yaxshilikg’a chaqirg’uvchi, yomonlikdan qaytarg’uvchi bir ilmdur. Yaxshi hulqlarning yaxshiligini, yomon hulqlarning yomonligini dalil va misollar ila bayon qiladurg’on kitobni ahloq deyilur.
Ahloq ilmini o’qub, bilub amal qilgan kishilar o’zining kim ekanini, Janobi Haq nima uchun halq qilganini, yer yuzida nima ish qilmak uchun yurganini bilur. Bir kishi o’zidan xabardor bo’lmasa, ilmini, ulamoni, yaxshi kishilarni, yaxshi narsalarni, yaxshi ishlarning qadrini, qimmatini bilmas. O’z aybini bilur, iqror qilub, tuzatmakka sa’y va ko’shish qilgan kishi chin bahodir va pahlavon kishidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: “Mezon tarozusiga qo’yiladurgan amallarning ichida yaxshi hulqdan og’irrog’i yo’qdur. Mo’min banda yaxshi hulq sababli kechasi uxlamasdan, kunduzlari ro’za tutub ibodat qilgan kishilar darajasiga yetar”- demishlar.
So’ylasang, so’yla yaxshi so’zlardan,
Yo’qsa, jim turmoqing erur yaxshi.
O’ylasang, yaxshi fikrlar o’yla,
Yo’qsa, gung bo’lmoqing erur yaxshi.
Ishlasang, ishla yaxshi ishlarni,
Yo’qsa, bekorlig’ing erur yaxshi.

Iqbol
11-02-2006, 06:16 AM
Hulq
Inson ikki narsadan murakkabdur. Biri jasad, ikkinchisi nafsdur. Jasad ko’z ila bor narsalarni ko’rur. Ammo nafs idrok ila yaxshini yomondan, oqni qoradan ayirur. Jasadning ham, nafsning ham biror suvrati bordurki, yo yaxshi yo yomon bo’ladur. Jasadning suvrati hammaga ma’lum bir narsadurki, har vaqt ko’zga ko’runub turadur. Ammo nafsning suvrati ko’zga ko’runmaydurgon, aql ila o’lchanadurgon bir narsadurki, buni hulq deb atalur. Agar kishi yoshlikdan nafsi buzulib, tarbiyasiz, ahloqsiz bo’lup o’sdimu, “ollohu akbar”, bunday kishilardan yaxshilik kutmak yerdan turub yulduzlarga qo’l uzatmak kabidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallallohu alayhi vasallam afandimiz:
“Bir tog’ning o’rnidan ko’chub ketgonini eshitsangiz ishoningiz, ammo bir odamning hulqi boshqa bo’ldi deb eshitsangiz, ishonmangiz”, demishdur.
Hulqi yomon yuz go’zalidan na sud,
Yuz go’zali hulqni qilmas kashud.
Hulq mariziga davo istasang,
Marg davosin berilur – qistasang,
Hulqi yomoning keturar ko’p zarar.
Hulqing o’zi boshinga kaltak urar.
Hulqi fano bo’lsa, degil – alhazar,
Xoru zalillikda qolur darbadar.

Iqbol
11-02-2006, 06:17 AM
Yaxshi hulq, yomon hulq
Ahloq ulamosi insonlarning hulqlarini ikkiga bo’lmishlar: Agar nafsi tarbiyat topib, yaxshi ishlarni qilurga odat qilsa, yaxshilikg’a tavsif bo’lub “yaxshi hulq”, agar tarbiyatsiz o’sub, yomon ishlar ishlaydurgon bo’lub ketsa, yomonlikg’a tavsif bo’lub “yomon hulq” deb atalur. Janobi Haq insonlarning asl hilqatda iste’dod va qobiliyatli, yaxshi ila yomonni, foyda ila zararni, oq ila qorani ayiradurgon qilib yaratmishdur. Lekin bu insondagi qobiliyatni kamolga yetkurmaq yarbiya ila bo’ladur. “Qush uyasinda ko’rgonin qiladur”. Inson javhari qobildur. Agar yaxshi tarbiya topib, buzuq hulqlardan saqlanub, go’zal hulqlarga odatlanub katta bo’lsa, har kim qoshida maqbul, baxtiyor bir inson bo’lub chiqar. Agar tarbiyatsiz, ahloqi buzulub o’ssa, Allohdan qo’rqmaydurgon, shariatga amal qilmaydurgon, nasihatni qulog’iga olmaydurgon, har xil buzuq ishlarni qiladurgon, nodon, johil bir rasvoyi olam bo’lub qolur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: “imoni komil bo’lgan kishilar yaxshi hulqli bo’lurlar, sizning eng yaxshilaringiz xotunlariga yaxshilik qilganlaringizdur” – demishlar.
Xudoning rahmati, fayzi hama insonga yaksardur,
Ba lekin tarbiyat birla yetushmak sharti akbardur.
Tug’ub tashov bila bo’lmas bola, balo bo’lgay sizga,
Vujudi tarbiyat topsa, bo’lur ul rahnamo sizga.
Temurchining bolasi tarbiyat topsa, bo’lur olim,
Buzulsa hulqi, Luqmon o’g’li bo’lsa, bo’lgusi zolim.
Yomonlarga qo’shuldi Nuhning o’g’li bo’ldi beimon,
Yururdi Kahf iti xo’blar ila bo’ldi oti inson.

Iqbol
11-02-2006, 06:18 AM
Tarbiya
Tarbiya “pedago’giya”, ya’ni bola tarbiyasining fani demakdur. Ilmi ahloqning asosi tarbiya o’ldug’indan shul xususda biroz so’zlaymiz. Bolaning salomati va saodati uchun yaxshi tarbiya qilmak, tanini pok tutmak, yosh vaqtindan maslakini tuzatmak, yaxshi hulqlarni o’rgatmak, yomon hulqlardan asrab o’sdurmakdir. Tarbiya qilguvchilar tabib kabidurki, tabib xastaning badanidagi kasaliga davo qilgani kabi tarbiyani bolaning vujudidagi jahl maraziga yaxshi hulq degan davoni ichidan, poklik degan davoni ustidan berub, katta qilmak lozimdur. Zeroki, (Hassanu ahloqi ko’sh) amri sharifi uzra hulqimizni tuzatmakg’a amr o’linganmiz. Lekin hulqimizning yaxshi bo’lishining asosiy panjasi tarbiyadur.
Ahloqimizning binosining go’zal va chiroyli bo’lishiga tarbiyaning zo’r ta’siri bordur. Ba’zilar “tarbiyaning ta’siri yo’q, insonlar asl yaratilishida qanday bo’lsalar, shunday o’sarlar, tabiat o’zgarmas:
Yomon xo’ tuzalmaydi darmon ila,
Ipak o’lmas ip, rangi alvon ila.
Boqing bir daraxt mevasidur yomon,
Bo’lur yaxshi payvand, parvo bilan.
Bilur har kishi aslini rangidan,
Va yokim ulangandagi zangidan », -
demishlar. Lekin bu so’z to’gri emasdur. Chunki tarbiyaning ahloqga albatta ta’siri bo’ladur. Oramizda masal borki, : « Sut ila kirgan jon ila chiqar », manabu so’z to’g’ridur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz :
« Beshikdan to mozorga borguncha, ilm o’rgan » demishlar. Bu hadisi sharifning ma’nosi bizlarga dalildur. Hukamolardan biri: “Har bir millatning saodati, davlatlarning tinch va rohati yoshlarning tarbiyasiga bog’liqdur”, demish… O’z bolalarini yaxshilab tarbiya qilmak otalarga farzi ayon, o’z millatining yetim qolgan bolalarini tarbiya qilmak farzi kifoyadur. Payg’ambarimiz: “Bolalaringizni yetti yoshida namozga o’rgatingiz. Agar o’n yoshida o’qumasa uringiz”; - demishlar.
Har kishining dunyoda oromi joni tarbiyat,
Balki oxirida erur dorulamoni tarbiyat.
Tarbiyat hamroh etadur hur ila rizvonlara,
Gar desam bo’lmas xato, jannat makoni tarbiyat.
Moyai zilli humodir tarbiyatning soyasi,
Bizda anqo tuxmidek, yo’q oshiyoni tarbiyat.

Iqbol
11-02-2006, 06:18 AM
Tarbiyaning zamoni
Emdi ochiq ma’lum bo’ldiki, tarbiyani tug’ulgon kundan boshlamak, vujudimizni quvvatlandurmak, fikrimizni nurlandurmak, ahloqimizni go’zallandurmak, zehnimizni ravshanlandurmak lozim ekan, tarbiyani kimlar qilur, qayda qilinur, degon savol keladur. Bu savolga birinchi – uy tarbiyasi – bu ona vazifasidur, ikkinchi – maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur, - deb javob bersak bir kishi deyurki, “Qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz, boshi pahmoq, qo’li to’qmoq onalarmi?” O’zlarida yo’q tarbiyani qaydan olib berurlar?! – der. Mana bu so’z kishini ezar, bag’rini yondurur. Otasiga nima dersiz? – desak, “Qaysi ota! – To’ychi, uloqchi, bazmchi, do’mbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagon, ilm uchun bir pulni ko’zlari qiymagon, zamondan xabarsiz otalarni aytursizmi? Avval o’zlarini o’qutmak, tarbiya qilmak lozimdur”, der. Mana bu so’zlarni eshitgach, umid qo’llari qo’ltuqg’a urilur.
- Xayr, bo’lmasa, muallim-chi?! – desak, - Qaysi muallim? Maqsadi pul, maslagi shuhrat, yuqori maktablarda o’qumagon, usuli ta’lim ko’rmagon muallimlarni aytursizmi? Avval o’zlari dorulmuallimlarda o’qumaklari, so’ngra dars bermaklari lozimdur”, der. Mana bu so’z insonni hayrat daryosiga g’arq qilur.
Mudarrislarga na dersiz desak, “Qaysi mudarris? – matlablari osh, maqsadlari chopon, darslari beimtihon, isloh yaqinidan yurmagan mudarrislarni aytursizmi? Bular o’z vazifalarini bilub nafslaridan kechub, zamonaga muvofiq ravishda darslarini isloh qilub, imtihon birla o’qutmoqlari lozimdur”, der. Mana bu so’z har kimni “Alisloh” demakka majbur qilur. Bo’lmasa, hukumat-chi? – desak, “Xayr, hukumat hammaning otasidur, o’z fuqarosining bolalarini tarbiya qilmagi lozim”, der. Shuning uchun bizning Rusiya hukumati o’gay bo’lsak ham har yerda bizlar uchun ham maktab ochub, bolalarimizni tekin o’qutur. Lekin o’zimiz ish bilmagon, yalqov, uyda ona tarbiyasi, otadan pul tarbiyasi, muallimdan ahloq tarbiyasi, mudarrisdan funun tarbiyasi ko’rmagonimizdan, hukumat maktablaridan ham o’z hissalarimizni ololmaymiz”, der. Mana bu so’z bizlarni tarbiyadan mahrum, huquqning na ekanini bilmagonlig’imizni bildurur.
Alhosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot yo mamot, yo najot yo halokat, yo saodat yo falokat masalasidur.
Agar bir qushning yosh bolasin olib,
Bo’lur tarbiyat birla yo’lg’a solib.
Onasin olib, asrag’on birla rom
Qilolmas, kishi sa’y qilsa mudom.
Kerak tarbiyat yoshlikdan demak,
Ulug’ bo’lsa, lozim kelur g’am yemak.
Egur bemashaqqat kishi navdani,
To’g’unchi egur kuydirib kavdani.