PDA

View Full Version : Ajoyib Xayolparast...


cianore
04-02-2008, 08:37 PM
Yoshligimda zo'r bir kino bo'lardi, "Ajoyib Xayolparast" degan... O'sha filmda muhtaram bosh qaxramonimiz yetti xazinaning biri bo'lgan quyon ko'paytirib millioner bo'lib ketish haqida xayol surardi... Keyin, boshqalar bilan tez tez urishib turardi, xuddiki uni hech kim tushunmayotganday... O'sha kinoni ko'rmaganimga balki yillar bo'lib ketdi, lekin bugun mana bu yerda yana bitta ajoyib xayolparast bilan tanishasizlar... Balki, u darajada emasdir, balki bu yerda faqat o'y xayollar emas, xaqiqat ham bordir, balki postlarimning bittasi rost, bittasi yolg'on, bittasini esa yarmi rost, yarmi yolg'ondir, bunisini aniqlash o'z aql va mantiqlaringga xavola...

demak, boshladik

cianore
04-02-2008, 09:02 PM
Turkiston Ittifoqi

Bolalikda nimalar bo'lmaydi, qanday o'yinlar o'ynalmaydi deysiz... Lappakdan tortib "eshak mindi"gacha, yong'oq o'yindan to quvlashmachoqqacha... Yana bir o'yin bo'lardi, biz "digi-digi" deb atardik, bilmadim, boshqa mintaqalarda uni nomi boshqacharoq bo'lsa kerak, kaltakni miltiq yo avtomat qilib ko'tarib olib, "oqlarga" "qizillar" yoki "fashistlarga" "o'zimiznikilar" otishma o'ynardik... : digi digi digi, cianore, o'lding chiqaver daraxtni orqasidan, desa, "yo'q, o'qing yonimdan o'tib ketdi..."

Yosh o'tgan sari o'yinlar biroz o'zgararkan, qurollar ham, lekin mazmun mohiyat o'sha o'sha...: o'z maqsadlaring yo'lida digi digi qilishni davom ettirasan: qizlar orqasidan urushgan paytlar ham bo'ladi, pul topaman deb chuv tushgan paytlar ham yoki xizmat joyingda pillapoyalar orqali ko'tarilish natijasidagi g'alabalar ham..

Yana bitta shunaqa o'yin bor: siyosat Judayam qiziq, lekin judayam g'irrom o'yin. Faqat buni "ancha kattalar" o'ynaydi.. biz esa xayol suramiz.

Dunyo siyosiy sahnasini hamma o'z qarichi bilan o'lchaydi, o'zicha baho beradi. Man esa, I asrdagi maqsadlar bilan XXI asrdagi maqsadlar o'rtasida bu arenada unchalik ham farq yo'q deb o'ylayman.. Faqat, zamon o'zgarishi bilan ishtirokchilaru qurollar o'zgargan. Mana juda ham oddiy bir misol, AQSHning Iroqqa bosqini, ha ha , bosqini.. Bosqin uchun nima kerak, bahona, AQSH bahona o'ylab topdimi, topdi. Asosiy maqsad bormidi, boridi, 2ming yil avval qanday bo'lsa, bu safar ham shunday bo'ldi, asosiy maqsad yashirincha qolaverdi. Kim asosiy zarar ko'rdi, har doimgidek, oddiy xalq: AQSHdagi soliq to'lovchilaru Iroqdagi oddiy fuqarolar.

endi bolalikdagi "digi digi"ga qaytsak... butun jahonni o'yin maydoniga aylantiradigan siyosat otliq "digi digi"da juda ko'p tomonlar bor: "juda kattalar", "mundayroq"lar, "bizi mahallagacha digi digi o'ynashga kela olmaydiganlar", "qo'shni mahalladagilar", "biz" va hokazo...

Biz, taqdirning taqozosi bilan, bu o'yinda kichkina odamchamiz... Katta jamoalar o'zlariga har xil nom qo'yvolishgan: aqsh, rossiya, xitoy, yevropa ittifoqi, kuchayib borayotgan hindiston...

biz katta jamoalar bilan tengma teng kurashish uchun ulardan aqlliroq bolishimiz shart, shundagina "ilonning boshini dushmaning qo'li bilan yanchgilkim, dushmaning g'olib bo'lsa ilondan, ilon yutib chiqsa dushmaningdan qutulasan" degan naqlni hayotga tadbiq eta olamiz.

ikkinchi tomoni, resurslar degan narsa bor. kurashish uchun kurasha olish kerak. Mayda kuchukcha, harchand baqirmasin, katta itlar baribir e'tibor qilmaydi, qo'pol qilib aytganda, qattiqroq ezib yuborsam o'lib qoladigan axvoling borku deb o'ylaydi... Mayli yuraversin, zerikib qolganimda, dumidan tortib tentak qilib o'ynayman deydi....

Xo'sh, nima qilish kerak? Xayollarim turli tomonga boshlaydi, ba'zida mantiqqa zid utopiya ko'chasini ham aylanib keladi.. Ko'zimga sal mantiqliroq bitta yechim ko'rinadi: TURKISTON ITTIFOQI

cianore
04-02-2008, 09:39 PM
Ohh,

Turkiston Ittifoqi shunday bo'lsaki:
- bu yog'idan u yog'iga borgunimcha ham hech kim pasport so'ramasa;
- hech kim sen o'zbeksan, yo qozoqsan demasa;
- odamlari bir biriga xushmuomala, samimiy bo'lsa;
- hamma to'q, farovon yashasa;
- odamlarini yuziga qarab turib, "baxt degani shu bo'lsa kerak deb o'ylasang"..
... Farobiyning "Fozil odamlar shahri"ga qiyos bo'lib ketdi... utopiya faqat utopiya..

yaxshisi, o'zim xohlagan Turkiston Ittifoqini simulyatsiya programmasini yozib qo'ya qolaman. birinchidan xuddi o'zim xohlagandek, ikkinchidan, xohlagan paytim terminalga kirib ti deb enter degan tugmani bosib yuborsam bo'ldi, ishlayveradi... lekin bu bo'lganga yarasha open source bo'lgani yaxshi, hamma yaxshi odamlar unga yaxshi qo'shimchalar kiritib, programmani takomillashtirib boradi...

Qani, bitta sinab ko'raylikchi:

ajoyib@xayolparast # make ti
...
...
g++1024 -Wall ti.cpp -o ti
~compile error: ti.cpp - Tushingni borib suvga ayt

Mirage
04-03-2008, 02:23 AM
Yoshligimda zo'r bir kino bo'lardi, "Ajoyib Xayolparast" degan... O'sha filmda muhtaram bosh qaxramonimiz yetti xazinaning biri bo'lgan quyon ko'paytirib millioner bo'lib ketish haqida xayol surardi... Keyin, boshqalar bilan tez tez urishib turardi, xuddiki uni hech kim tushunmayotganday... O'sha kinoni ko'rmaganimga balki yillar bo'lib ketdi, lekin bugun mana bu yerda yana bitta ajoyib xayolparast bilan tanishasizlar... Balki, u darajada emasdir, balki bu yerda faqat o'y xayollar emas, xaqiqat ham bordir, balki postlarimning bittasi rost, bittasi yolg'on, bittasini esa yarmi rost, yarmi yolg'ondir, bunisini aniqlash o'z aql va mantiqlaringga xavola...

demak, boshladik

Qulluq bo'lsin!:)

Bahoroy
04-03-2008, 03:18 AM
Chet elga chiqyatganingda(`Ozbekistonga kirayotganingda) chamadonini tamojnilar titmasa, 35 kg emas 350 kgdan ruhsat bo`lsa...(fikrimga kelgan birinchi hayolparastlik...):D

cianore
04-03-2008, 05:34 PM
Mintaqalar taraqqiyoti

Bizni Toshkentimiz naqadar go'zal, naqadar maftunkor... Shu darajada maftunkorki, uning go'zalligiga mahliyo bo'lib yana sal kam 1 million aholi kelgan joyiga qaytib keta olmay, nima bo'lsa bo'ldi deb norasmiy yashab yuribdi.. Bo'lmasa, ular ham shu yurtning farzandlari, kimi Farg'onadan, kimi Xorazm... Shu odamlarga xayronmanda, nima qiladi Toshkentda, viloyatlarchalik taraqqiy topmagan bo'lsa, noaqal telefonlari ham raqamli emas, uyali aloqa ham bir joyda ishlaydi, keyingi dahaga o'tsangiz, ishlamay qoladi - signal yo'q... Ustiga ustak bir kunda 20 soat elektr energiyasi turli sabablar bilan o'chiq bo'lsa, gaz, issiq suv degan narsalarniku qo'yavering.. Odamlar allaqachon, xatto ko'p qavatli uylardagi bir xonali xonadonda istiqomat qilsa ham uyini ichiga tandir qurib olgan, go'zapoya yoqib non pishirsang, ham uying isiydi, ham qip qizil cho'g'ning nuridan uy biroz yorishib turadi, ham issiqqina non yeysan... Qayerda bor bunaqasi?
O'zi sovetlar davrida, undan keyingi yillarda ham juda aqlli ish qilishgan, boshqaruvni markazlashtirmasdan... Natijani qarang: hamma viloyatlarimiz birdek rivoj topgan, mavjud 28 ta bankimizning atigi 5tasinigina bosh ofisi Toshkentdek shahri azimda xolos, ular ham mayda chuyda xususiy banklar... Natijada, moliyaviy va iqtisodiy resurslar ham mintaqalar bo'yicha deyarli birdek taqsimlangan: NBU Nukusda o'ziga 23 qavatli bino qurib olibdi, respublikamizning 2-banki Asaka bank Asakadagi qarorgohida ish yuritadi... Vazirlik va agentliklarni aytmaysizmi, bittasi Namanganda bo'lsa, ikkinchisi Qashqadaryoda... yaxshi-da, viloyatlarimiz bir biri bilan kuchli integratsiyalashgan...
Aloqa kompaniyalari ham markazlashgan davlatlardagi kabi bitta joyga tiqilib olmay, bittasi Navoiyda, bittasi Angrenda, bittasi Jumada, yana bittasi Shovotda.. Bu sabab bo'lib, qishloq xo'jaligida mehnat qiladigan odam yo'q, mehnatga yaroqli aholining atigi 1 foizigina agrar va agrasanoat sohalarida band...
Hech bo'lmasa Milliy Aviakompaniya Toshkentda qolsa bo'lardi, yo'q u ham o'z ofisini Navoiyga qurib olgan. Chunki, shunisi iqtisodiy foydaliroq emish: Navoiy Xalqaro aeroporti Respublikamizning eng qulay geografik nuqtalaridan birida joylashgani uchun allaqachon xalqaro hub ga aylanib, kazo kazo kompaniyalar bu aeroportga qo'ngani ruxsat ololmay yotibdi..
Qiyin qiyin NGMK ga qiyin. Adashib Toshkentning markazrog'ida bitta biznes sentr qurib qo'ygan edi, endi shuni nima qilishni bilmay yotibdi.. Direktori, peshonasiga urib yotganini o'zim ko'rdim, "shu o'lgurni Jizzaxgami Jondorgami qurmaymanmi?" deb...
Oliy o'quv yurtlari ham viloyatlar va tumanlar bo'yicha teng taqsimlangan. Mehnat resurslarida muammo tug'dirmaslik uchun Toshkentda 2tami 3tasi bor xolos, qolgan hammasi mayda chuyda shaharlarda... Yaxshida, bitta universitet shunaqa shaharchaga qaaaancha foyda keltiradiyuuuu.. Mana masalan AQShni oling, hamma universitetlari kaaatta kaatta shaharlarda joylashgan, o'shanga shaharlariga odam oqib, qishloqlarida hech kim qolmayapti, chunki, yashashga unchalik ham sharoit yo'q... Amerikada tizimni barpo qilganlar yaxshilab o'ylab ko'rmaganda, agar kichik joylarda ham kattaroq dargohlar bo'lsa, shu joylar ham rivojlanishi mumkinligini....Hammasini New York bilan Washingtonga qurib tashlayvergan...
O'zbekistonda yurik tashkilotlarning mintaqalar bo'yicha teng taqsimlangani uchun, ular orasida viloyatlardan ham raqobat kuchli. Xatto sport klublariga homiylik qilishni ham talashib yotishibdi: O'zbekiston Temir Yo'llari o'z bosh ofisi joylashgan Qo'qonning Temiryo'lchi jamoasiga homiylik qiladi, jamoa juda baquvvat, O'zbekneftegaz Farg'onada joylashgan o'shanga Neftchini homiysiz qoldirmayapti. Ayniqsa Nukusliklarga mazza. hamma pul ularda, Oliy ligada ham besh oltita jamoasi bo'lgani uchun birinchi ligani o'yinlari hech kim ko'rgisi ham kelmaydi. Masalan, NBU-Osiyo degan jamoa bor Nukusda, ming yaxshi o'ynasa ham bitta o'yinga 100tayam odam kirmaydi... Yoki Yaypanning Oliydagi Lokomotiv klubini oling. Quruvchi va Paxtakor degan jamoalar ham Yaypanda bo'lgani uchun Lokomotivni o'yiniga stadionni chetida to'p tashib beruvchi bolakaylar, raqib jamoaning 5-6ta fanatlariyu adashib joy izlab kirib qolgan alkashlardan boshqa hech kim kirmaydi.. Zato Toshkentning birinchi ligada o'ynaydigan O.Akbarov yoki Oq Oltin degan jamoalarini o'yiniga kamida 4-5 mingdan tamoshabin kiradi...
Viloyatlarning yaxshi rovojlanganini shundan ham ko'rsa bo'ladiki, shu xar doim viloyatning komandalari chempion... Har besh olti yilda bir adashib poytaxtni komandasi g'olib bo'lib qolmasa..

O' xo', pochta xizmatini ko'rsatadigan kompaniyalar mazza qiladida: O'zbekiston Pochtasi jahonda yaqqol lider pochta va logistika xizmati bo'yicha. Sababi oddiy: mintaqalar o'rtasidagi kuchli integratsiya pochtachilarni bir zum tinim olishiga yo'l qo'ymaydi... Bu yog'i FedEx deysizmi, UPSmi, DHLmi yo Aramex, g'izillab xatlar u jo'natmalarni tashib yotibdi.. Amerikada USPS degani bor, Bush o'n marta qaror chiqarib xususiylashtirib yuborsa ham baribir o'zini o'nglay olmayapti.. Chunki, har 10ta o'ziga tuzukli tashkilotidan 9 tasi yo NY yo DCda bo'lgandan keyin, o'sha tashkilotlar xatni konvertga solib pochtaga pul to'lab yotamanmi deydi, axir adresat shundoqqina qo'shnisi bo'lsa...

Eh, gapiraman desam gap ko'p lekin... baribir Toshkent maftunkor... Shunchalik maftunkor bo'lmasa, viloyatlarda shunday imkoniyatlar turib ortiqcha bir million odam propiska bo'lmasa ham Toshkentda yashab yurarmidi...