PDA

View Full Version : Sifatli kitoblarni kutib o'tiraveramizmi?


WebMonster
05-17-2008, 03:54 AM
Ayol.Uz saytida (http://www.ayol.uz) qo'yilgan "Chaqalog'ingiz nimalar o'qiydi" nomli maqolasini o'qib chiqdim. To'g'risi, maqola meni o'ylantirib qo'ydi. O'zimning "chaqalog'im" ancha katta bo'ib qolgan bo'lsa-da, u yaxshi ko'rib o'qiydigan kitoblar ichida qalin, sifatli, antiqalari deyarli yo'q. Aksar kitobchalari hozirda o'zbek tilida chop etilayotgan broshyurasifat kitobchalardir. Ular qiziqarli, rangba-rang, chiroyli, lekin ularning yagona kamchiligi shundaki, to'polonchi bolalar qo'lida sihat-salomatlik bilan uzoq umr ko'ra olmaydilar.

Tinib tinchimas uch yashar bolakayimning kitoblarini ko'zdan kechirib shunga amin bo'ldimki, ularning ko'pi sahifalari yirtilgani bois skochlangan, ba'zilarining muqovasi yo'q, deyarli hammasining varaqlari g'ijimlangan. "Sifatli kitoblar rus tilida-da, o'zbek tilida bo'lsa olardim," deb o'tirsam, bolajonim o'sib ulg'aymoqda, vaqt o'tmoqda, hozir, ayni vaqtda kerak unga bunday kitoblar. Rus tilida bo'lsa bo'lsin, hech bo'lmasa rasmlarini ko'radi-ku, dedim o'zimga. Unga nafaqat o'ziga, balki kelajak avlodga ham xizmat qila oladigan, qalin, sifatli kitoblar olib bergim keldi. Ertasi kuni o'sha maqolada nomi zikr etilgan "Sharq ziyokori" kitob do'koniga yo'l oldik.
Bolalar bo'limida hali u kitobni, hali bu kitobni qo'liga olayotgan o'g'limga qarab shunaqa zavqlandimki, qani endi iloji bo'lsa-yu, kitoblarning hammasini olib bersam deb o'yladim. Ayniqsa ko'zli kitobchalar bolakayimga juda yoqdi. Unga uy hayvonlari, aqlli mashinalar va shirinxo'r ayiqcha haqida uchta kitob oldim. Birinchi kuni kitoblar qo'lidan tushmadi. O'g'il bola bo'lganigami, avvalo "Umnie mashini" degan kitobni ochib, har bir mashina nomini bir necha bor so'radi. Ko'zchalari u yoq-bu yoqqa qaraydigan uy hayvonlarini o'zi bir-bir sanab chiqdi. Sevimli o'yinchiq ayiqchasini eslatadigan ayiqcha haqidagi kitobchani ham o'zicha "o'qib" chiqdi. Lekin qiziqishi keyingi kungacha yetib bormadi."O'qib bering" degan iltimosiga yo'q deya olmay kitoblarni rus tilida o'qidim. Qarasam o'zbekcha kitoblarni o'qiganimdek qiziqish yo'q. Ayiqcha haqidagi kitob nasr yo'lida, qolgani esa she'riy tarzda yozilgan edi. Nasriy kitobchani tarjima qilib o'zbek tilida aytib bersam, ko'zlari chaqnab, maza qilib eshitdi. Ora-orada: "Qani, rasmini ko'rsating" deb o'qilgan syujet bilan rasmlarni taqqoslab turdi.

O'g'lim uxlaganda qo'limga daftar-qalam oldim-da, qolgan kitobchalardagi she'rlarni ham birin-ketin qo'ldan kelgancha tarjima qildim. Ba'zi she'rlarda badiiy chekinish tarzida bolakayimning o'zini qahramon qildim. Menimcha yomon chiqmadi. she'rlarimning u yer-bu yeriga sayqal berib, birrov taxrirdan o'tkazdimu, kitoblarni olib ruscha she'rlarning ostiga o'zbekchasini yozib chiqdim. Mana bunday she'rlar hozil bo'ldi:

Yuk ko'tarar yuksakka

Bizning novcha paxlavon

Quruvchiga ko'makka

Kelar Ko'taruvchi kran.

***

Tirillab yurar traktor

Ham tekkislar, ham qazir

***

Raketada uchaman

Koinotni quchaman

Fazogir bo'lsam agar

Yangi yulduz ochaman.

***

Kuchukvoy poylar uyni

Ba'zan it deymiz uni

Xizmatda qishu-yozda

Jazirama, ayozda

Sodiq do'stdir insonga

O'xshar qo'rqmas posbonga.

Ertasi kuni to'polonchimga kitoblarini rus tilida emas, endi o'zbek tilida, she'riy qilib o'qib berdim. Oldingi safar o'qiganimdan ko'ra bu safar qiziqishi sezilarli darajada ortdi. Endi shu uch kitob uning eng yaxshi ko'rgan kitoblariga aylandi. Har kuni uxlashdan oldin ularni birgalikda o'qiymiz, She'rlarning anchasini yodlab ham oldi.

Men ko'pgina o'zbek onalari qatori eng kichik kitobxonlarga mos keladigan, o'zbek tilida, qalin, ko'zli, yumshoq, lattali, suv o'tkazmaydigan, rangba-rang, rivojlanishiga xizmat qiladigan turli xil kitobchalar paydo bo'lishini juda-juda istayman. Bunday kitoblarni yaqin kelajakda o'zimizning kitob rastalaridan xarid qilishimizga ishonaman. Negaki o'sha do'konga borgan kunimiz "Qushlar", "Xaritalar" deb nomlangan qalin, o'zbek, rus, ingliz tillarida yozilgan rasmli kichik kitobchalarni ko'rib, "ana, bo'larkanku," dedim. Demak kitobchilarimizning qo'lidan bunday kitoblar chiqarish keladi. Aminmanki, bunday kitoblarga talab ham anchayin katta. Lekin hozircha biz onalar qo'l qovushtirib o'tirsak, bolalarimizni kitob o'qish zavqidan to'sgan bo'lamiz.

Albatta bu maqolani o'qigan onalar ichida "men shoirmidim, yo tarjimonmidim" deydiganlar ham topiladi. Lekin o'ylab ko'rsangiz bunday kitoblar yagona nus'hada, faqat sizning farzandingiz uchun yozilgandak bo'ladi go'yo. Shu tufayligina bunday kitoblar uning uchun eng qadrli, eng betakror kitoblarga aylanadi. Ularning qadri yillar o'tgan sari oshsa oshadiki, hech kamaymaydi. Qolaversa bu sizning yashirinib yotgan ijod qirralaringizni ochsa ajab emas. Balki bu farzandingizning hali siz bilmagan qobiliyatlarini ochishga sabab bo'lar.

Hullas, biz yaqin kunlarda kitob javonimizni yana yangi kotoblar bilan to'ldirmoqchimiz. Siz-chi?

http://www.ayol.uz/index.php?option=com_content&task=view&id=167&Itemid=57