Personal tools

Asadbek

From Uzbekistan Online Forum WikiMedia

Contents

[edit] Sog'inch


"Aziz va Mo'tabar Onajonimga bag'ishlayman"


Uzoqdaman bu kun uyimdan,
Sog'inchlarim bo'ldi bir jahon.
Bunda kutib student o'g'lin,
Yashaydi bir mo'tabar inson.

U onamdir, onajonginam,
Mehridaryo volidam - Ona!
Uyim ostonasidan chiqyotganimda,
Peshonamdan o'pgan dil mehri yona.

Oyga borib omon qayt, deya,
Duo qildi peshonam silab.
Ko'zin tikib ortimdan uyda,
Qoldi onam menga baxt tilab.

[edit] Momomga bag'ishlov

Momom mening pari edi, hur edi,
Har bir so'zi gavhar edi, dur edi.
Diydoriga to'yolmadim, yetmadim,
Mehribonim yuzi to'la nur edi.

Ish o'ngidan kelar - erta tur, derdi,
Ol kitobing, maktab tomon sur, derdi.
Aytganlarin aslo kanda etmadim,
Aqlli bo'l, odobli bo'p yur, derdi.

Talabalik - yurdim uydan yiroqda,
Dil sog'inchdan to'nin bichdi firoqda.
Bir tun ingrab turdim, bag'rim tig'ladim,
Ko'zim tikib qoldim so'ngan chiroqda.

Endi momom yotibdilar qabrida,
Alvongina qizg'aldoqlar bag'rida.
Tuprog'ini ko'zga surtib yig'ladim,
Rahmat etsin - iltijom shul Tangridan.

[edit] Olislarga olib ketaman


So'lim bog' ichida Yigit va Qiz bir-birlariga termulgancha, shirin suhbat qilishardi.
Atrof go'yo muhabbatdan entikib nafas olayotgandek sokin edi, faqatgina gullarga 
mahliyo bo'qib sayrayotgan bulbulning sho'x ovozi eshitilardi...
Yigit qizning ko'zlariga boqib dedi:
- Jonim, Men sizni olislarga olib ketaman!

Qiz shiringina bir jilmayish qilib so'radi:
- Olislarda nima bor, Begim?

Yigit ham yuziga yarashgan bir jilva ila javob berdi:

Olisda oy botmaydi aslo,
Quyosh doim nurin sochadi.
Unda hukm surar oliy Baxt,
Yomon doim yo'ldan qochadi.

Olisda suv oqadi tiniq,
Yer yuzida ko'rinmaydi gard.
Har insonning yuzida kulgu,
Ular uchun bilinmaydi dard.

Olisda yosh to'kmaydi ko'zlar,
Mehr bilan boqar tabiat.
Sevishganlar ulug'lanarlar,
Inoqlikda yashar jamiyat.

Olisda kun bo'yi bulbullar,
Parvarishlab o'tar gullarni.
Muhabbatga oshno qalblar,
Sehrlaydi mudom dillarni.

Olisda men kabi Majnunlar,
Gullar tutar Laylilariga.
Jonlarini to'kib berarlar,
Suyuklisin mayillariga.

Olisda gul ulashar bahor,
Gul ufori olamni tutar.
Umr to'lib borar mazmunga,
Qalblar abad yasharib ketar.

Olisda yoz qaynoq taftini,
Bizlar bilan baham ko'radi.
Mo'jaz rangga bo'yab olamni,
Go'zallikdan tortiq qiladi.

Olisda kuz xazonrezgida,
Muhabbatga bo'yaydi bag'rin.
Mayin shamol entikib unda,
She'rlar aytib erkalar bargin.

Olisda qish oppoq qorlarin,
Muhabbatga o'rab to'kadi.
Sevishganlar baxtli boshiga,
Oq niyatli qordan tegadi.

Olisda ishq atalgan tuyg'u,
Quyosh kabi nurlarin sochar.
Ikkimizdek sevishganlarga,
Baxtli hayot quchog'in ochar.

Qiz Yigitning bu javobiga mamnuniyat ila jilmayib, Yigitning yelkasiga bosh qo'ydi. 
Bir-birining qo'llaridan ushlagan holda ikki Yosh bog'dan sokin qadamlaru baxtiyor nigohlar ila chiqib ketishdi... 



[edit] Bir qiz deya jontalosh edik

Biz yosh edik, uning ustiga,
Ham qiziqqon va bebosh edik.
To'p tepishgan ikki qadrdon,
Bir qiz deya jontalosh edik.

Mahallaning ko'zga ko'ringan,
Malikasi o'shal qiz edi.
O'shal qiz deb ko'zlar ko'kargan,
Tunlar bedor o'tgan biz edik.

Yo'ldan o'tsa qo'shiq aytardik,
Ovozim bir eshitsin, deya.
Yuragimni olib, mehribon
Qalb qo'riga berkitsin, deya.

She'r bitardik husnin ta'riflab,
Maktabda ko'p doston bo'lardi.
O'shal qiz deb yonganlarimiz,
Hatto Oysha maston bilardi.

Ikkimizdan qay birimizni,
Tanlashini bilmasdi u qiz.
Uchrashuvga chorlardik uni,
Va'da berib, kelmasdi u qiz.

Vaqt ham keldi - yigitlik burchi -
Nonni tishlab, xizmatga ketdik.
El ichida er yigit degan,
Nomlar olib izzatga yetdik.

Xatlar bitdik garnizondan biz,
Javoblari yetib kelmadi...
Garnizonga xat yozdimi u,
Ikki yilda bizlar bilmadik.

Ikki yillik hijronni quchib,
Qaytdik uyga, mushtoq dillarga.
Yigitlar ham qaytishdi, deya,
Qizlar chiqib turdi yo'llarga.

Gul nigohlar, o'tkir nigohlar,
Ammo, befarq boqdik ularga.
Izladik biz malikamizni,
Ko'maylik deb atirgullarga.

Bir kun o'tgach, eshitdik xabar,
Do'stim, taqdir bizdan kulibdi.
Ikki yilning ichida malak,
Erga tegib, ona bo'libdi...

Tog'lar ketdi bizdek zirqirab,
Qalb ko'z yoshin to'kdi qaltirab.
Uni so'ng bor ko'rgan makonga,
Mahtal ko'zlar boqdi mo'ltirab.

Do'stim, uni deya ikkimiz,
Raqiblikni bo'yinga oldik.
Qara, o'sha bebosh yillarda,
O'zimizni ne ko'yga soldik.

Dil og'ridi xotiralardan,
Malikani unutmoq bo'ldik.
Biz o'qishni bahona qilib,
Toshkent sari ravona bo'ldik.

Talabalik yillarim - oltin,
Hatto o'qib keldik chet elda.
Ammo har on va har qadamda,
Malikani saqladik dilda.

Biz uni hech unutolmadik,
Xotiradan kechib bo'lmadi.
Malika ham banogoh yo'ldan
O'tib, bizga jilva qilmadi.

Do'stim, endi Malikani qo'y,
Ikki yonda ikki farzandi.
O'zimizga kelin topmoqlik,
Vaqti allaqachon kelgandi.

Biz ham elga osh tortib, boshni
Endi ikki qilib yuraylik.
Kelajakda doim oilaviy,
Bordi-keldi qilib turaylik.

Aziz do'stim, kelin tanlashda,
Senga katta omad tilayman.
Men ham borib, bir nafis qizga,
Sovchilarni to'plab yo'llayman.


[edit] Chashmi zilolga yetib...

Hajringda, yor, alif qaddim dol bo'ldi,
Bilolmadim, bu qandayin hol bo'ldi.

Qays kezgan ul sahrolarni kezdim men,
Dardlar chekib topganim zavol bo'ldi.

Kunduzlarim yorug' qilmoq bo'ldi shams,
Uzun tunlar dardkashim hilol bo'ldi.

Shams tig'idan meni xalos etmoq-chun,
Soyasiga olgan majnuntol bo'ldi.

Gulbog'ingga yo'l oldim so'ng orziqib,
Bormog'imdan xabarchi shamol bo'ldi.

Gulbog'ingga kirdim baxtni yetaklab,
Yetti olam hayron bo'ldi, lol bo'ldi.

Ishq navosin bukun sendan tingladim,
So'zlaganing asal bo'ldi, bol bo'ldi.

Sahrolarda chanqoq bosgan yuragim,
Ichar suvi, shukurkim, zilol bo'ldi.

Asadbek