Personal tools

Erkin Vohidov

From Uzbekistan Online Forum WikiMedia

Contents

[edit] Kimni etmas bu ko’ngil shaydo

Dunyo ekan…

Ishq degan savdo

Bormi faqat mening boshimda?

Kimni etmas bu ko’ngil shaydo

Kim she’r yozmas mening yoshimda?!


Sevgi ilk bor tushdiyu qalbga

Hayotimning bo’ldi mazmuni.

U qo’limga tutqazib qalam,

Ko’zlarimdan oldi uyquni.


Oldi butun fikru xayolim,

Ketdi dildan orom, halovat.

Sevgi butun borimni olib,

She’r zavqini qoldirdi faqat.


Borliq olam ko’zimga ming ming

Go’zallikka to’lib ko’rindi.

Gullar menga oshiq bulbulning

She’r daftari bo’lib ko’rindi.


Ayb etmangiz,

Do’stlar bu savdo

Bormi faqat mening boshimda?

Kimni etmas bu ko’ngil shaydo

Kim she’r yozmas mening yoshimda?!



[edit] O'rtada begona yo'q

Ko'yida men tosh boshimni urmagan ostona yo'q,

Elda bor shunday masal: Jon chekmasang jonona yo'q.


Sevgi vodiysida menga teng bo'lolgay qaysi Qays!

Ko'nglim ochsam, ikki dunyo bu kabi afsona yo'q.


Shahr ichida holatimdan kulmagan bir oqilu

Xilvat ichra menga ulfat - bo'lmagan devona yo'q.


Ne ajabkim, mast bo'libman ko'zlaringga termilib,

Yetti iqlimda bu yanglig' may yo'gu mayxona yo'q.


Ishq g'amin aytsam qalamga ich-etin kuydirdi ul,

Sevgidek o't yo'q jahonda, men kabi so'zona yo'q.


Oq qog'ozim, senga Erkin ochdi pinhon ishqini,

Sen boru men bor, qalam bor o'rtada begona yo'q


[edit] O’zbegim (Qasida)

Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon o'zbegim,

Senga tengdosh Pomiru oqsoch Tiyonshon, o'zbegim.


So'ylasin Afrosiyobu so'ylasin O'rxun xati,

Ko'hna tarix shodasida bitta marjon, o'zbegim.


Al Beruniy, Al Xorazmiy, Al Farob avlodidan,

Asli nasli balki O'zluq, balki Tarxon, o'zbegim.


O'tdilar sho'rlik boshingdan o'ynatib shamshirlarin

Necha qon, necha sulton, necha ming xon, o'zbegim.


Tog'laring tegrangda go'yo bo'g'ma ajdar bo'ldi-yu,

Ikki daryo - ikki chashming, chashmi giryon, o'zbegim.


Qaysari Rum nayzasidan bag'rida dog' uzra dog',

Chingizu Botu tig'iga ko'ksi qalqon, o'zbegim.


Yog'di to'rt yondin asrlar boshingga tiyri kamon,

Umri qurbon, mulki toroj, yurti vayron, o'zbegim.


Davr zulmiga va lekin bir umr bosh egmading,

Sen - Muqanna, sarbador - sen, erksevar qon, o'zbegim.


Sen na zardusht, sen na buddiy, senga na otash, sanam,

Odamiylik dini birla toza imon, o'zbegim.


Ma'rifatning shulasiga tolpinib zulmat aro,

Ko'zlaringdan oqdi tunlar Kavkabiston, o'zbegim.


Tuzdiyu Mirzo Ulug'bek Ko'ragoniy jadvalin,

Sirli osmon toqiga ilk - qo'ydi Narvon, o'zbegim.


Mir Alisher na'rasiga aks-sado berdi jahon,

She'riyat mulkida bo'ldi shohu sulton, o'zbegim.


Ilmu she'rda shohu sulton, lek taqdiriga qul,

O'z elida chekdi g'urbat, zoru nolon, o'zbegim.


Mirzo Bobur - sen, fig'oning soldi olam uzra o't,

Shoh Mashrab qoni senda urdi tug'yon, o'zbegim.


She'riyatning gulshanida so'ldi mahzun Nodira,

Siym tanni yuvdi ko'z yosh, ko'mdi armon, o'zbegim.


Yig'ladi furqatda Furqat ham muqimlikda Muqiym,

Nolishingdan Hindu Afg'on qildi afg'on, o'zbegim.


Tarixing bitmakka, xalqim, mingta Firdavsiy kerak,

Chunki bir bor chekkan ohing mingta doston, o'zbegim.


Ortda qoldi qo'hna tarix, ortda qoldi dard, sitam,

Ketdi vahming, bitdi zahming, topdi darmon, o'zbegim.


Bo'ldi osmoning charog'on tole xurshidi bilan,

Bo'ldi asriy tiyra shoming shu'laafshon, o'zbegim.


Men Vatanni bog' deb aytsam, sensan unda bitta gul,

Men Vatanni ko'z deb aytsam, bitta mujgon o'zbegim.


Faxr etarman, ona xalqim, ko'kragimni tog' qilib,

Ko'kragida tog' ko'targan tanti dehqon, o'zbegim.


O'zbegim deb keng jahonga ne uchun madh etmayin!

O'zligim bilmoqqa davrim berdi imkon, o'zbegim.


Men buyuk yurt o'g'lidurman, men bashar farzandiman,

Lekin avval senga bo'lsam sodiq o'g'lon, o'zbegim.


Menga Pushkin bir jahonu menga Bayron bir jahon,

Lek Navoiydek bobom bor, ko'ksim osmon, o'zbegim.


Qayga bormay, boshda do'ppim, shuhratim, qadrim buyuk,

Olam uzra nomi ketgan O'zbekiston, o'zbegim.


Bu qasidam senga, xalqim, oq sutu tuz hurmati,

Erkin o'g'lingman, qabul et, o'zbegim, jon o'zbegim.



[edit] Sevgi

Sevgi shunday navbahorki, u tikandin gul qilur,

Toshga jonu til bag'ishlab, zog'ni ham bulbul qilur,


Sevgi shunday dard erurki, barcha bo'lg'ay mubtalo,

Mubtaloni neki qilsa telba bu ko'ngil qilur.


Sevgi shunday tangridirki, unga tengdur shoh, gado,

Qulni aylab shohu sulton, shohni bo'lsa qul qilur.


Sevgi shunday bir olovki, jonga undan yo'q omon,

Gulxanida o'rtab-o'rtab, bir kun oxir kul qilur.


Sevginingdir hukmi mutlaq, istasa shaydolarin

Chashmi giryonidan ummon, ohidan dovul qilur.


Sevgiga she'r bitding, Erkin, besabab ermaski, ishq -

Aylagach ko'ngulni ishg'ol, she'r ila mashg'ul qilur.