Personal tools

Rauf Parfi

From Uzbekistan Online Forum WikiMedia

Rauf Parfi (1943-2006)
Rauf Parfi (1943-2006)

Rauf Parfi web-sahifasi (qurilishda):

http://www.raufparfi.narod.ru/



Contents

[edit] Alyor

Gulga to’ldi dunyo, shodumon do’st-yor,

Go’yoki davrada faqat gul-chechak.

Bu ikki oshiqdir, ikki baxtiyor,

Bir dardga aylanar bu ikki yurak.


Sadoqat taxtida yuzlaring gulgun,

Olamni yoritgay sevging shu’lasi.

O’zgacha ko’rinar har narsa bu kun-

Kelur har narsaning senga havasi.


Go’yo bo’ston ichra ochilgan chechak-

Bu harir oq libos poklik timsoli.

Umr go’zal bo’lur: baxtli kelinchak,

Guvohlik beradir ko’zgu misoli.


Bu kun to’y kechasi, sevgi ayyomi,

Bu kun to’y kechasi, shodlik toshadi.

Bu ikki baxtiyor- dunyo salomi,

Ikki dil hayotga qadam tashladi.


Bu, barcha ko’rgulik ko’rgan hayotdir,

Hayot barchasiga qilgaydir toqat.

Umr deganlari zahmat, sabotdir,

Umr deganlari ishonch, sadoqat.


Ko’kda oy, yulduzlar kirganday so’zga

Aziz boshingizga sochar nurini.

Men yulduz shu’lasin tilayman Sizga,

Men sizga tilayman oyning umrini.


Sizni qutlar bu kun do’stu qadrdon,

Yosh bahor umringiz nurlarga to’lsin.

Bo’lmasin jafolar, bo’lmasin hijron,

Do’stlarim, ezgu Baxt muborak bo’lsin!



[edit] "Aylanib tushar qor yo’limga"

Aylanib tushar qor yo’limga,

Qo’lingni qo’ygil yor, qo’limga.


Sen qolding muhr kabi labimda,

Sen - bir dard asabiy – qalbimda.


Ko’zlarimga berkitay va lekin

Yoshday oqib ketma, sevgilim.


[edit] "Ayt-chi, meni unutdingmi?"

Ayt-chi, meni unutdingmi?

Gullarim qonlar yutdimi?

Unutdingmi, eh bir yo'la

Yorug' dunyodan o'tdimi

Muhabbatim ekkan gullar?!


[edit] "Balki o'chgan edim yodingdan"

Balki o'chgan edim yodingdan,

Shirin xayolingni buzdimmi?

Laylo, Laylo, sening yoningda

Yaproq kabi ko'rdim o'zimni,

Shirin xayolingni buzdimmi?


Seni o'ylab kelmaydir uyqu -

Qora tunning o'zga sehri bor.

Tushlarimda topay deb gulro'

Man uxlarman mangu ehtimol.

Go'zal tushlar tilayman, Laylo...


Yana paydo bo'lding yo'limda,

Yana yo'llaringda bo'zladim.

Bechora qalb sening qo'lingda,

Ko'zlaringda mening ko'zlarim.

Nechun paydo bo'lding yo'limda?..


[edit] "Butun kecha o'ychan va sokin"

Butun kecha o'ychan va sokin,

Xona ichra qolmishdik tanho.

Bir o'ychanlik ruhimga hokim,

Shunday hokim ruhimga sen ham.


Ohang oqar, devorda suvrat:

Moviy dengiz ustida kema.

Tanholigu o'rtada hurmat

Va sevgiga o'xshash bir nima.


Men o'ylayman: "Nedan boshlay gap?"

Sen o'ylaysan: "Ne qilay javob?"

Na kuladi, na yig'laydi qalb,

Qarashlarga yaxlagan sarob.


Butun kecha o'ychan va sokin,

Xona ichra qolmishdik tanho.

Men demadim: "Sevaman seni",

"Sevolmayman",- demading sen ham.


[edit] "Daryo mavjlariga yozilmish g'azal"

Daryo mavjlariga yozilmish g'azal,

Maysalar egilib o'qiydir kitob.

Shodlanib xandalar otar bir lahza,

Bir lahza oh tortib qo'yadir oftob.


Qamishlar shivirlar daryo tomonda,

Ko'kda oq bulutlar kezar bemajol.

Bir tirik nafosat borliq, jahonda,

Kimgadir elanar, qilar iltijo.


Bu qadar go'zallik qaysi ochunda,

Bu qaysi kitobdir, kimning daftari,

Kimning olamidir qilich uchinda?


Qaltirab porlaydir bir chiroq g'arib,

Bir qushcha sayraydir ruhim ichinda,

Bir qushcha yig'laydir meni axtarib.


[edit] "Derazamga uriladi qor"

Derazamga uriladi qor,

Jaranglaydi jarangsiz kumush.

Derazamga uriladi qor,

Qor singari oppoq bo’ldi tush.


Bir ajoyib qor yog’ar bu kech,

Uchib tushar mening yonimga…

Men-ku seni o’ylamasman hech,

Sen tushasan ammo yodimga…


[edit] "Hayot jomi ichra oqamiz"

Hayot jomi ichra oqamiz,

Gohi xursand, gohida vayron,

Tevarakka hayron boqamiz,

Tevarakni qoldirib hayron.


[edit] "Hoy bola-bola"

Hoy bola-bola, hoy bola,

Bas qil shodlik rubobin.

Mana, Dunyo bir piyola

Tutar senga sharobin.


Hoy bola-bola, hoy bola,

Hech qo’rqmasdan uni ol.

Bir piyola, bir piyola

Dunyo G'ami, ichaqol.


[edit] Ishq-vafodan so’zlaganlarim"

Ishq-vafodan so’zlaganlarim

Yetur senga ohu-fig’onim.

Yodga tushar bo’zlaganlarim

Men olamdan o’tganda, jonim.


Qaltirarsan ajib sezgidan,

Har bir so’zim – oshkor jahonim.

Judo bo’lding buyuk sevgidan-

Men olamdan o’tganda, jonim.


Sen qoshimdan keta olmassan,

Ko’zlaringda turarman yonib.

Sevgimni rad eta olmassan

Men olamdan o’tganda, jonim.



[edit] "Juda baxtli eding u bilan"

Juda baxtli eding u bilan,

Dunyoni to’ldirib yurarding.

Sen o’shani o’ylaysan hamon,

O’sha bilan banddir yuraging.


Uning bilan kechgan damlardan

Senga qolgan shirin xotira.

Mening esa achchiq g’amlardan

Tortib ketdi ko’zlarim xira.


Lekin sevgim joy topolmadi

Xotiralar yotgan qalbingdan.

Sen uni hech unutolmading,

Men ham kecha olmasman sendan.



[edit] Kel, jimgina vidolashaylik endi

Yoningdan o’taman – bu so’nggi safar,

O’tib ketmoqdaman senga to’ymasdan.

Shu gaplar, shu gaplar rost bo’lsa agar,

Nega jim turibsan, axir so’ymasdan.


Shu gaplar rost bo’lsa, yolg’izim, yig’lab,

Senga o’lim tilab qolar edim men.

Yo’q, yo’q, mozoringni o’pib, timdalab,

Qayta tiriltirib olar edim men.


Rostin ayt, men ozlik qildimmi senga?!

Ayt, bir yurak ozmi? Mana! To’ydim-ku!

O’jar sevgim bilan tegdim joningga,

Kechir, rashkim bilan qiynab qo’ydim-ku.


Kechir, endi mening quyoshim botdi.

Senga ishonmadim. Sen mendan tonding.

Bir tuban nomingni loylarga otdi,

Razil kimsalarga nechun inonding?!


Imon bormi, derdim yonib, sig’inib,

Porloq timsolingga, sevgilim, biroq,

Tashlab ketmoqlikni o’rgandik ko’proq,

Kel, vidolashaylik endi, soginib.


Menga og’ir ichmoq sening ko’zyoshing,

Boshingda g’amlarning toshlari sindi.

Ko’rib turibsan-ku, tosh bo’lsin boshing,

Kel, jimgina vidolashaylik endi.


Bu yorug’ dunyoda vafo qani? Kel.

Senga inonmadim- men telba, g’arib.

Qayga olib borib ko’mayin, aytgil,

Yuragimning jasadini ko’tarib.


To vola yuragim shan libos kiysin,

Toki so’nggi bor yayrasin so’nggi bor bu jon.

Sening ko’ksing uzra bir uxlab to’ysin…

Yo’q, o’zgacha sevolmasman hech qachon.


Hech bir mozor qabul etmas, yo’llar berk,

Bugun yuragimning saslari tindi.

Sevgilim, so’nggi bor, so’nggi izn ber,

Kel, jimgina vidolashaylik endi.



[edit] "Ko’nglimga qil sig’mas"

Ko’nglimga qil sig’mas,

Sen esa qanday shirin,

Sen esa qanday ulkan.


[edit] "Ko'zlarimning osmonlarida"

Ko'zlarimning osmonlarida

Faqat o'zing, faqat sen o'zing

Oydan, yulduzlardan narida -

Ko'zim ichra sening yulduzing.


Tushlarimda uchib yurardim,

Men-la birga ozod qushlarim,

Sen tushmi, deb sendan so'rardim,

Aldamchidir barcha tushlarim.


Meni kutmas endi ul bog'lar,

Meni kutmas qalam qoshligim.

Tushda qoldi ul masrur chog'lar,

Eh, huvillab qolgan yoshligim.


Shafqat nedir - qovjiroq taqir.

Men yo'lsizman besaru somon.

Botmoqdadir quyosh ham qaxir,

Hansirar-da, bo'g'riqar osmon...


Bu yerlarga behuda keldim,

Suvga cho'kkan cho'g'dek so'zlarim.

Go'zallikning men quli edim,

Sen ollohsan, mening go'zalim.


Qaydasan, sen, bu kun behuda

Hasrat bilan kuyingda yondim.

Sening o'tli mehringdan judo

Sap-sarg'aygan sahroda qoldim.


Da'vat emas, shundoq, alvido,

Talqon bo'lar tamallar toshi.

So'nayotgan oftob nurida -

Mening kirsiz o'n to'qqiz yoshim.


Tomog'imda qotgan so'zlarim,

Sochiling, samoga sochiling.

Mana, tong. Tonglarning go'zali.

Tong oqardi. Tong - sochim mening.


Xayr senga, otilgan ohu,

Dunyolarga vido ayturman.

Elitmoqda cho'ng qudrat - uyqu,

Tushlarimga yana qayturman.


[edit] "Ma’no o’qi ko’zimdan"

Ma’no o’qi ko’zimdan,

Men yonib muhabbatda

Gar adashsam so’zimdan,

Qoshingda xijolatda.

Ma’no o’qi ko’zimdan.


Sen jabrga ustasan,

Ammo men ortiq mohir.

Sevaman va istasam

Tark etmoqqa ham qodir.

Men-muhabbat, men-sitam.


Changal yasab boshimda,

Seni olib qolg’ayman.

G’amgin bir qaroshimda

O’z nahrimga solg’ayman,

Suzarsan ko’z yoshimda….


[edit] "Men kimnidir kutgayman mahzun"

Men kimnidir kutgayman mahzun,

Men kimgadir yig'lamog'im shart.

Tanholik-la turibman o'zim,

Mening bilan birgina zulmat.


Yiroqlarda ingranar List ham,

Qulog'imga bo'zlaydi Furqat.

Huzurimga chiqmas bir odam,

Men baribir kutgayman faqat.


O'ksib-o'ksib axtaraman nur,

Qorong'uda bo'lgayman ado.

Qo'ng'iroqlar jarangi kelur,

Qanday mash'um bu go'zal sado.


Shilliqqurtday to'lg'anar ariq,

Suyanaman badburush tolga.

Osmon yuzi shundayin sariq

Sovuqlikni qaylardan olgan?


Kular-da va qalqib borar oy

Ul hayosiz shundoq yalang'och.

Kimni aldab balqib borar oy -

Tevarakda kecha qorasoch.


Men kutgayman, elitmas uyqu,

Men kimgadir yig'lamog'im shart,

Ayting, nechun tashlab ketdi u,

Nechun tashlab ketdi muhabbat?

Tugab borar tun yanglig' toqat,

Saharlarga bergayman hisob.

Qayga ketdi, qayga muhabbat,

Yuragimda muqaddas azob.



[edit] "Men sening ko’zlaringga"

Men sening ko’zlaringga qarayman,

Sen o’zgalarga.

Kimning ko’zlaridan izlaysan meni?


[edit] "Muncha g'amgin bo'lmasa o'ylar"

Muncha g'amgin bo'lmasa o'ylar,

Hijron muncha bo'lmasa uzoq,

Meni o'yla, sog'inib o'yla,

Yo'lg'iz meni o'yla intizor,

Muncha g'amgin bo'lmasa o'ylar.


Hijron muncha bo'lmasa uzoq,

Holbuki, bir qadam o'rtada.

Oramizni kim buzdi, o'zi,

Inonkim, behuda o'rtadi.

Hijron muncha bo'lmasa uzoq.


Meni o'yla, sog'inib o'yla,

Aytsalar-da sevgi uzilgan,

Shunday ishonchsizlik tufayli,

Xafa bo'lma mendan - o'zingdan,

Meni o'yla, sog'inib o'yla.


Yo'lg'iz meni o'yla intizor,

O'ylaringda men yashay yakka,

Chunki sevgi atalgan azob

Qodir emas toq yashamakka.

Yo'lg'iz meni o'yla intizor.


[edit] "Nimadir u, ko'zingga kelgan"

Nimadir u, ko'zingga kelgan,

Xayolingga, ona, ne keldi?

Yig'lab turib hattoki kulding,

Nimadir u, ko'zingga kelgan?


Menga juda o'xshaydi, ona,

Ko'zlaringda yaltiragan yosh.

Menda o'sha ko'zu, o'sha qosh,

Menga juda o'xshaydi, ona.


Ona, uni to'kma, iltimos?

Ko'zlaringdan to'kilay agar.

Sevinchingdan bermasam xabar,

Ona, uni to'kma iltimos.






[edit] "Og’ir tun, qurir tinka"

Og’ir tun, qurir tinka,

Qanday izg’irin kecha.

Bu yomg’ir tinar qachon,

Yerga botadi tovon,

Loy yopishar etikka.


Lekin hamon kutasan

U tanish tol ostida.

Arazing bo’lar tamom,

Qari to’nka ustida

O’ltiramiz yonma-yon.


His va xayol kechasi,

Haroratli bir sovuq.

Gulxan yoqaman va sen,

Obbo, tamaki ham yo’q,

Meni asta quchasan.


Yomg’ir qorga aylanar,

Ko’zingda kular alam.

Ohista bosh aylanar,

Qayga qochib borar g’am?

Qanday go’zal bu olam.


[edit] "Oylar o’tdi va yillar o’tdi"

Oylar o’tdi va yillar o’tdi,

Lekin sendan bo’lmadi xabar.

Yolg’iz seni men yolg’iz kutdim,

Kuta berib xun bo’ldi jigar.


Mana oxir sen-da namoyon,

Muhabbatim, ko’zim, ismatim.

O’ngmi, tushmi, yo shirin armon?

Birdan yaraqladi qismatim.


Sen o’sha-ku xayolda ko’rgan,

O’sha nigoh, oshno tabassum.

O’sha ohu ko’zlar tig’ urgan

Va yurakka boshlagan hujum.


Senga juda g’alat tuyular

Balki sevging bilan yonganim,

Menga og’u kabi quyular

Shunday buyuk ishqdan tonganing…


Oylar o’tdi va yillar o’tdi,

Yurak esa ishonch va g’amda.

Qanchadirki, o’tgan vaqt kutdim,

Seni kutdim kuyib otashda.


[edit] "O’pib xayolingni"

O’pib xayolingni qonaydi dardim

Yig’lar xotiramning g’arib bog’lari

Seni tushlarimdan so’rab, axtardim,

Qaytarib bo’lmas hech o’sha chog’larni.




[edit] "Qanday go'zal, qanday lojuvard"

Qanday go'zal, qanday lojuvard,

Xayol kabi ko’rinar jahon.

Lekin mening yuragimda dard,

Mendan xafa bo'lmang, onajon.


Uxlamasman tonggacha, ona,

Tongda yorim chiqar begumon.

Ko'zingizga uyqu begona,

Mendan xafa bo'lmang, onajon.


Sevganimning yoniga boray,

Yuragimda qolmasin armon.

Unga yig'lay, unga yolboray,

Mendan xafa bo'lmang, onajon.


Ishq yor bo'ldi munis ko'nglimga,

Meni ado etdi ul jonon.

Ko'z tutmangiz bugun yo'limga,

Mendan xafa bo'lmang, onajon.


[edit] "Sabolarda o'ynaydi navo"

Sabolarda o'ynaydi navo,

Ariqlarda suv oqadi shan,

Ohanglarga to'libdir havo,

Benavosan nechun yolg'iz san?


Kuzgi bog'lar shivirlashar jim,

Kuzgi bog'lar kuychi za'faron.

Kuylarmikan shunday yuragim,

Qo'llaringni qo'ygil, mehribon?


Benavosan nechun, dilbarim,

Hayot seni etmasmi maftun?

Maftun etmaydimi gul bargi,

Maftun etmaydimi she'riy tun?


Qara qanday porloq erur ko'k,

Tingla, qo'shiq aytar yulduzlar.

Bu - oy to'kkan shu'la emas, yo'q,

Bu - navoga aylangan so'zlar.


Ufqlarda yoniq afsona -

Olgin Erkin Vohid she'rlarin.

Oydin yo'llar qo'shig'in, mana,

Yo'llar o'zi aytar, dilbarim.


Sabolarda o'ynaydi navo,

Ariqlarda suv oqadi shan,

Ohanglarga to'libdir havo,

Benavosan nechun yolg'iz san?


[edit] "Seni menga betob dedilar"

Seni menga betob dedilar,

Bu so’z yomon, bu so’z ko’p og’ir,

Seni menga betob dedilar,

Oqdi yoshim misoli yomg’ir.


Seni menga betob dedilar…

Menga dunyo hazin tuyuldi.

Bulutlarga to’ldi osmon-

Achchiq-achchiq yoshi quyuldi.


Seni menga betob dedilar…

Lekin kelding, kelding sen o’zing.

Qora bulut tamom yo’qoldi,

Holbuki men… yig’laydi ko’zim.


[edit] "Seni o'ylab hol-jonim og'rir"

Seni o'ylab hol-jonim og'rir,

Seni o'ylab qondir o'ylarim.

Manzilim ham yiroq va og'ir,

Tig' ustida borar yo'llarim.


Telba-otash, deb meni pinhon,

O'ylama sen, mening yulduzim

Seni o'ylay oldim-ku, inon,

O'zimni ham o'ylarman o'zim.


[edit] "Seni topgunga qadar"

Seni topgunga qadar,

Qanday yashadim men?

Nahotki yashadim?


[edit] "Shivirlaydi oyog’imda"

Shivirlaydi oyog’imda yashab o’tgan xazonlar,

Ko’zlarimga isna yanglig’ sanchilmoqda mezonlar.


Huvillagan qishloq uzra quyuq tuman cho’kmoqda,

Yiroqlarda nay ko’nglini so’nggi bora to’kmoqda.


Dala bo’m-bo’sh, ko’milgandek unga ko’hna savollar,

Faqatgina kezib yurar, izg’zib yurar shamollar.


Faqatgina ko’rinadir kuygan daraxt mung’ayib,

Qayda qoldi mangu bahor, qayga bo’lding sen g’oyib?


[edit] "Termilaman olis ufqqa"

Termilaman olis ufqqa,

Botgan kundan qolmishdir dog’lar.

Yomg’ir urar qorong’ulikka,

Sovuqqina shovullar bog’lar.


Yana keldim mahzun go’shaga,

Bunda bir nay yotibdi sinib.

Qo’y, sig’inma ortiq o’shanga,

Qo’y, sig’inma unga, sevgilim.


Men hech narsa so’rmasman, dilbar,

O’tmishingdan so’zlama zinhor.

Men ham bir bor sevganman, yetar…

Qarasang-chi, atrofda bahor…


[edit] "U dengizni sevadi"

U dengizni sevadi. Dengiz uni sevmaydi.

U tushida ham, o'ngida ham dengizni ko'radi.

To'lqinlari, girdoblari, to'fonlari bilan so'ngsiz va zangori dengiz tomon talpinadi uning yuragi. U dengizni sevadi. Dengiz uni sevmaydi. Dengiz: "U meni emas, u menda qirg'oq sari talpinishni sevadi", - deb o'ylaydi.

Dengiz uni sevmaydi.


[edit] "Uxlar yarim kecha uyquda"

Uxlar yarim kecha uyquda,

Bulut suzar va oyni yopar.

Oyni yopar, lekin behuda

Yana bir on o'tmasdan yonar.


Kecha olar uyqusida dam,

Kecha uzra posibon - chiroy.

Seni ko'rgim keldi juda ham

Ajib qo'shiq aytgan chogi oy.


[edit] "Uyg'on, ey malagim"

Uyg'on, ey malagim, tur o'rningdan, tur,

Otashin muzlarda isinaylik, yur.


Yong'inli daryoda quloch otaylik,

Bu yerdan ketaylik, faqat ketaylik.


Undan ham olisroq ketarmiz hali,

Undan ham olisroq, mening go'zalim.


Qaragil, eng yorqin bir yulduz yonar,

Yorug' bir chaman bu… ketarmiz yana.


Bugun shoh erurman, tilak tilagil,

Bugun men gadoman, tingla, malagim.


[edit] "Vujudim yallig'lanar nafasingdan"

Vujudim yallig'lanar nafasingdan,

Sen shunday yaqinsanki, jon qadar, axir,

Bari bir seni sog'inaman, sevgilim.


[edit] "Xato qildim, sevgilim"

Xato qildim, sevgilim,

Xato qildim beomon.

Yo'q endi borar yo'lim,

Bog'imda so'ldi gulim,

Bag'rimga to'ldi xazon.


Xato qildim, sevgilim,

Xato qildim bilmasdan,

Qani yutilsa tilim,

Qaltirab turar qo'lim.

Jigarimni yulmasdan.


Xato qildim, sevgilim,

Xato qildim bilmasdan.

Men suyib xato qildim,

Men kuyib xato qildim.

O'lib xato qilmasman...


[edit] "Xayr senga, yaxshi qol endi"

Xayr senga, yaxshi qol endi,

Faryod urar ko’zingda sevinch.

Xayollarga bir dam tol endi

Huzuringga men qaytmasman hech…


Seni o’rtar achchiq pushaymon,

Ayrilmoqdan qo’rqmaysan mendan,

Sevgi uyi uzlatda vayron-

Bir tasalli tilamas sendan.


Bir kun ko’rib meni ko’chada,

Ana u, deb qo’lingni cho’zgin.

Yodgorlikdek so’nggi kechadan

Yo’l ustida to’xtagin bir zum.


Boshing egib kelma men tomon.

Sen ketaver… yonimga qaytma…

Ko’rib qolsang undan ham yomon,

Yo’q, yo’q, “Meni kechir” deb aytma…


Xayr senga, ketar bo’ldim men,

Ketar bo’ldim shu qop-qora kech.

Qaytmasam-da muhabbatimdan,

Huzuringga men qaytmasman hech.


[edit] "Yana ajib tushlar ko’ribman"

Yana ajib tushlar ko’ribman,

Tushlarimda uni ko’rdim men.

Yana ajib tushlar ko’ribman,

Huzurida yonib turdim men.


Chirmab borar olovli to’lqin,

To’lqinlarda bo’lurman abas.

Yonishlaring qo’ynidan yulqib

Koshki sudrab chiqsa bu nafas.

Alanga chaqnaydi ko’zimda,

O’tlar meni tashladi tilib.

Sevgi, sevgi mening bo’gzimda,

Kalimaga kelmaydi tilim.


Shunday ajib tushlar koribman,

Tushlarimda uni ko’rdim men.

Shunday ajib tushlar ko’ribman,

Huzurida yonib turdim men.


Yana sevgim qoldi yurakda,

Ul qiynaydi meni beomon.

Tushlarim ham tugab bormoqda,

Bir so’z ayta olmasman hamon.


[edit] "Yasatib qo'yibdi senga bir dunyo"

Yasatib qo'yibdi senga bir dunyo,

Orziqib kutadi bugun yuragim.

Mening yuragimga kelgil, marhabo,

Mening yuragimga kelgil, malagim.


Muhabbat baxtini topadi unda,

Kelgil, afsonalar aytmoqda bog'lar,

Aziz boshing uzra yaltirab kunda

Oltinga aylanar kuychi yaproqlar.


Mehribon yellarning qanotlarida,

Qani, yur, boraylik lola tergali.

G'aroyib gullarim bordir narida,

Gulim, ko'rmagansan umringda hali.


Qaragil, naqadar tiniqdir osmon,

Uning huzuriga yurgil, boraylik.

U yerga qaro tun yo'lamas aslo,

Bulutlar qayg'udan ketmas qorayib.


Qani, qo'llaringni qo'limga qo'y-chi,

Mening yuragimga ketaylik birga.

Sira ham u yerdan ketmaylik ko'chib,

Achchiq tajribalar ortib taqdirga...


[edit] "Yetim"

Og'zim to'la hayot.

Binafshaning shamoli,

Men sho'x bolakayman

Otasi tashlab ketgan,

Onasi tashlab ketgan,

Og'zimga to'lib qolgan hayot.



[edit] "Yorug'likni o'g'irlab sekin"

Yorug'likni o'g'irlab sekin

Tevarakni qurshadi tuman.

Ermak qilib tun cho'kdi, lekin

Eshik ochib chiqmadingku san?


Deydilarki, sening ko'zlaring

Afsungarmish, sehr etarmish,

Kimki ko'rsa bir bora seni

Oyoq yetganicha ketarmish.


Sovuqni ko'r, yuzni chimchilar,

Masxaraman unga bu zamon.

O'ylarimga kelib sanchilar,

Oy emas ul - u qotil kamon.


Bunda har ne ermaklar meni

Qorong'idir axir jahonim.

Hech bo'lmasa ochgil darchani,

Darpardani ochaqol, jonim.


[edit] "Yoshlik"

Yuragingda, sening qo'lingda

Toza chechak kabi o'ynadim,

Yoshligim, men sening yo'lingda

Sevintirdim. Seni qiynadim.


Nahot xafa kunlaring o'tgan,

O'zing berdingmi beboshlikni?

Lekin meni otmading o'tga,

Naqadar yaxshisan, yoshligim!


Bir dard bo'lib, bir sevinch bo'lib.

Va bir donishmand bo'lib goh,

Ko'zlaringa qarab yurgin deb,

Etganing bor yoshligim, ogoh.


Faqat sen uchgil nafasimdan,

Sendan bahra topsin bu olam.

Aytilmagan so'zlarim sendan,

Qilinmagan zahmatlarim ham.


Men bilan bo'l doimo birga,

Ayri tutma meni, yoshligim.

Toza saqlay butun umrga,

Butun umrim, qora qoshligim.


Yuragingda, sening qo'lingda

Toza chechak kabi o'ynadim.

Yoshligim, men sening yo'lingda,

Sevintirdim. Seni qiynadim.


[edit] "Yoshlik zangor fasl"

Yoshlik zangor fasl, kechdi, sarg'ardi,

To'kildi u. Shafqat bilmas bargrezon.

Qora sovuqlarga otib yubordi,

Shamollar poyida sinmoqda xazon.

Yoshlik zangor fasl. Kechdi. Sarg'ardi.


Harna o'tdi, mendan o'tdi, omon bo'l,

Qancha faryod qilmay qaytarib bo'lmas.

Har qalay oldinda bordir so'nggi yo'l,

Toki yetguningcha xotirot o'lmas,

Harna o'tdi, mendan o'tdi, omon bo'l.


Vido tabassumli olam, yoshligim,

Ko'zlarimda qotgan jolam, yoshligim,

Ko'klarga yetmagan nolam, yoshligim,

Suvga cho'kib ketgan bolam, yoshligim,

Vido tabassumli olam, yoshligim.


[edit] "Yo’q! Ko’rishmaymiz, xayr endi"

Yo’q! Ko’rishmaymiz, xayr endi,

Ortiq ko’rishmaymiz yuzma-yuz.

Sahrolarda sevgimiz qoldi,

Qor ostida qoldi sevgimiz.


Ortiq ko’rishmaymiz yuzma-yuz,

Mehr to’la yoniq yuz bilan,

Yo’q, yo’q, endi hech qaramaymiz,

O’rtalikda mash’um bir tuman.

Sahrolarda sevgimiz qoldi,

Kuygan yantoq misol quyoshda.

Xato sevgi qo’shilib tomdi

Zahar-zaqqum bo’lib ko’z yoshdan.


Qor ostida qoldi sevgimiz,

Sho’rlik sevgi topmadi omon.

Yakka-yakka bo’ldi ismimiz,

Har xil yo’ldan ketdik har tomon…


[edit] "Yulduzlarga men ham qarayman"

Yulduzlarga men ham qarayman,

Yulduzlar - samoviy bir xayol.

Men ko'proq zaminga yarayman,

Menga kerak yerdagi hayot.


Yulduzlarga men ham qarayman,

Yulduzlar - chaqnagan orzular.

Huv miskin kezadir bir odam -

Ko'ksida yonmagan yulduzlar.


Yulduzlarga men ham qarayman,

Ba'zida keladir havasim.

Ba'zida bosadir og'ir g'am,

Ba'zida yetmaydir nafasim.